Raqamlar oshdi: Yevropadagi jazirama 1,3 mingdan ortiq o‘lim bilan bog‘lanmoqda

eʼlon qilindi
Havo haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘liq rekordlar qayd etilmoqda
Raqamlar oshdi: Yevropadagi jazirama 1,3 mingdan ortiq o‘lim bilan bog‘lanmoqda
Yevropadagi jazirama 1,3 mingdan ortiq o‘lim bilan bog‘lanmoqda / Foto: iStock

Yevropadagi jazirama 1,3 mingdan ortiq ortiqcha o‘lim holati bilan bog‘lanmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusning ma’lum qilishicha, qo‘shimcha o‘lim holatlari qayd etilgan.

Uning ta’kidlashicha, issiq urishi ko‘pincha «jim qotil» deb ataladi, chunki Yevropadagi uylar, ish joylari va maktablar bunday yuqori haroratga moslashtirilmagan. Tedros Yevropa Yer yuzidagi eng tez isib borayotgan qit’a ekanini, u global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar tezroq qiziyotganini qayd etdi.

Jazirama to‘lqini yakshanba kuni qit’aning sharqiy qismiga siljishda davom etar ekan, Germaniya, Polsha va Chexiyada navbatdagi harorat rekordlari yangilandi. Germaniyada ketma-ket uchinchi kun mamlakat tarixidagi eng issiq kun qayd etildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Brandenburg sharqidagi Polsha chegarasi yaqinida joylashgan Koshenda havo harorati 41,7 darajagacha ko‘tarilgan.

Polshada ham tarixiy rekord yangilandi. Mamlakat Meteorologiya va suv xo‘jaligi instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Slubitse shahrida harorat 40,5 darajaga yetgan. Chexiyada esa Doksani hududida 41,1 daraja qayd etilib, ikki kun ichida ikkinchi bor harorat rekordi o‘rnatilgan.

Qanday choralar ko‘rilmoqda

Jazirama tufayli Yevropaning turli davlatlarida favqulodda choralar ko‘rilmoqda. Niderlandiyada ekstremal issiq bo‘yicha eng yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilingach, Defqon.1 musiqa festivali bekor qilindi. Parijda esa shahar rasmiylari favqulodda xizmatlarga yuklama ortib ketmasligi uchun jamoat joylarida olib ketiladigan alkogolli ichimliklarni iste’mol qilishni taqiqladi hamda pride yurishini bekor qildi.

Fransiyada jazirama boshlanganidan beri kamida 74 kishi cho‘kib ketgani ham ma’lum qilindi. Ichki ishlar vaziri Loran Nunyesning aytishicha, bunday holatlarning aksariyati nazorat qilinmaydigan suv havzalari — daryolar, ko‘llar va hovuzlarda yuz bergan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Fransiyadagi jazirama oqibatida o‘limlar soni mingdan ortgani haqida yozgan edi.

Shuningdek