Timur Ishmetov: Raqamli transformatsiya endi ikkinchi darajali masala emas

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov raqamli texnologiyalar moliya tizimining poydevorini o‘zgartirayotganini va tez orada regulyatorlar faoliyatida asosiy o‘ringa chiqishini ma’lum qildi. Bu haqda u 29-iyun kuni Toshkentda o‘tkazilgan Monetary policy dialogue 2026 xalqaro forumida gapirib o‘tdi.
O‘zining yakuniy nutqida regulyator rahbari xorijiy markaziy banklar rahbarlari, yetakchi iqtisodchi olimlar va xalqaro institutlar vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan munozaralarni sarhisob qildi. Ishmetov uchta asosiy xulosani taqdim etdi.
Birinchi xulosa: o‘zgaruvchanlik
Dunyoning turli davlatlarida iqtisodiy vaziyat turlicha bo‘lsa-da, hozirda barcha markaziy banklar bitta umumiy haqiqatga duch kelmoqda.
«Markaziy banklar mutlaqo yangi sharoitda — doimiy o‘zgaruvchanlikda ishlashga majbur. Afsuski, beqarorlik bizning doimiy ish muhitimizga aylanib bormoqda», — dedi O‘zbekiston MB raisi.
Uning ta’kidlashicha, bozorlardagi keskin tebranishlar, narxlar ko‘tarilishi va noaniqlikni shunchaki o‘tib ketadigan vaqtinchalik holat deb bo‘lmaydi. Bu o‘zgaruvchanlik endi har qanday reja va tahlillarda majburiy tartibga kiritilishi shart bo‘lgan yangi davr talabidir.
Ikkinchi xulosa: hech bir markaziy bank muammolarni yolg‘iz hal qila olmaydi
MJahon iqtisodiyoti va savdo aloqalari parchalanib borayotgan bir paytda, eski usullar bilan ishlash samara bermaydi.
«Hech bir markaziy bank faqat o‘z tajribasiga tayanib, bugungi global muammolarni hal qila olmaydi», — deya ogohlantirdi MB rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyatda davlatlar chegaralarni yopishi emas, aksincha, ko‘proq muloqot qilishi, tajriba almashishi va hamkorlikni kuchaytirishi lozim. Toshkent forumi ham aynan mana shunday hamjihatlik uchun maydon vazifasini o‘tadi. «Dunyo beqaror bo‘lsa ham, biz bir-birimizning muvaffaqiyat va xatolarimizdan ochiqchasiga saboq chiqarishimiz kerak», — deb qo‘shimcha qildi u.
Uchinchi xulosa: raqamli transformatsiya asosiy o‘ringa chiqdi
Ushbu xulosa moliya tizimining texnologiyalarga bo‘lgan munosabati butunlay o‘zgarganini ko‘rsatdi.
«Raqamli transformatsiya markaziy banklar uchun endi ikkinchi darajali masala emas. U moliya tizimining qanday ishlashini va kelajakda pul-kredit siyosatining o‘zi qanday amalga oshirilishini belgilaydigan eng asosiy markaziy o‘ringa ko‘chmoqda», — deya ta’kidladi Timur Ishmetov.
Raqamli to‘lovlar, sun’iy intellekt va markaziy bank raqamli valyutalari (CBDC) endi shunchaki qulay texnologik qo‘shimcha emas, balki moliyaviy barqarorlikka bevosita ta’sir qiluvchi asosiy kuchdir. Rais olimlar va mutaxassislarni global muammolarga birgalikda javob izlashga chaqirib, shunday aytdii: «Keling, birgalikda o‘rganishda davom etaylik»
Avvalroq Kursiv Uzbekistan noaniqlik bizning doimiy ish muhitimizga aylangani haqida yozgan edi. Bu haqda Timur Ishmetov 29-iyun kuni Toshkentda o‘tkazilgan Monetary policy dialogue 2026 xalqaro forumida ta’kidladi.