Uzum Market’da futbol tovarlari savdosi bir necha baravar oshdi: Jahon chempionati muxlislar atributikasi bozorini qanday jonlantirdi

eʼlon qilindi
Jahon chempionati O‘zbekistonda nafaqat futbolga, balki futbol formasi, to‘plar, butsalar va boshqa sport tovarlariga bo‘lgan qiziqishni ham oshirdi
«Uzum Market platformasida futbol mahsulotlari savdosi 3–4 barobargacha oshdi»: Jahon chempionati muxlislik atributikasi bozorini qanday jonlantirdi
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Jahon chempionati O‘zbekistonda nafaqat futbolga, balki futbol formasi, to‘plar, butsalar va boshqa sport tovarlariga bo‘lgan qiziqishni ham oshirdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining mundialdagi ishtiroki talab o‘sishi uchun qo‘shimcha turtki bo‘ldi. Kursiv Uzbekistan suhbatlashgan Uzum Market sotuvchilarining so‘zlariga ko‘ra, ayrim futbol tovarlari savdosi odatiy davrga nisbatan bir necha baravar oshgan.

Plus Gym do‘koni vakili Fazliddin Rahimovning aytishicha, Jahon chempionati boshlanganidan keyin futbol formalariga talab sezilarli darajada oshgan. Ayniqsa, O‘zbekiston terma jamoasi formasiga qiziqish yuqori bo‘lgan.

Foto: Fazliddin Rahimovning shaxsiy arxividan

«Futbol formalarga talab Jahon chempionati boshlangandan keyin ancha ko‘tarildi. Kattalarniki hozir qolmagan, bolalarnikidan bor. Bolalar uchun O‘zbekiston formasi ham ancha yaxshi sotilmoqda», – deydi Rahimov.

Foto: Fazliddin Rahimovning shaxsiy arxividan

Xususan, xaridorlar orasida Husanov, Shomurodov va Fayzullayev familiyalari tushirilgan formalar ommalashgan.

«Jahon chempionati boshlanganidan keyin savdolar odatiy davrga nisbatan ikki-uch baravar oshdi. Agar bolalar formasi haqida gapiradigan bo‘lsak, o‘sish uch baravarni tashkil etdi, deyish mumkin», – dedi Plus Gym vakili.

General Fitness do‘konida natijalar «bomba»

Uzum Market sotuvchilarining kuzatuvlariga ko‘ra, milliy terma jamoaning mundialdagi ishtiroki xaridorlar kayfiyatiga bevosita ta’sir qilgan. General Fitness do‘koni sotuvchisi Umidjon Ilyosovning aytishicha, O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatida qatnashayotgani futbol mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishni keskin oshirgan.

«Bu yuz foiz ta’sir qildi. Odamlarda futbolga qiziqish oshdi. Hatto ilgari futbol ko‘rmaganlar ham hozir o‘yinlarni kuzatmoqda. Muxlislar futbolkalarni kiyib, jamoani qo‘llab-quvvatlamoqda», – deydi Ilyasov.

«Biz terma jamoa to‘pini sotdik. Hozir Jahon chempionatida o‘ynalayotgan to‘pning nusxalari juda yaxshi sotildi. Taxminan 3 ming dona sotdik», – dedi do‘kon vakili.

Foto: Umidjon Ilyosovning shaxsiy arxividan

«Talab taxminan 80 foizga oshdi va bu terma jamoamiz Jahon chempionatiga chiqqani bilan bog‘liq. Forma juda yaxshi sotilmoqda. Bizda to‘plar ham yaxshi ketmoqda», – deydi Ilyasov.

Nima uchun aynan Uzum Market?

General Fitness vakilining so‘zlariga ko‘ra, Uzum Market’ning maxsus takliflari ham savdo hajmiga ijobiy ta’sir qilgan. Platformadagi aksiyalar tovarlarni ko‘proq xaridorlarga ko‘rsatish va narxlarni yanada qulay qilish imkonini bergan.

«Uzum Market shunday taklif qiladi: agar tovarni arzonroq qilsangiz, biz uni trendga chiqarishga va ko‘proq odamlarga ko‘rsatishga harakat qilamiz. Shu imkoniyatdan foydalanib, biz to‘plar va butsalarni sotdik. Natijalar juda yaxshi bo‘ldi», – deydi Ilyasov.

Uning aytishicha, odatiy davr bilan solishtirganda futbol tovarlari savdosi uch-to‘rt baravarga oshgan bo‘lishi mumkin. Biroq u aniq raqamni aytish qiyinligini ta’kidladi, chunki mavsum va Jahon chempionati hali davom etmoqda.

«Tovarlar boshqa platformalarda ham joylashtirilgan, lekin u yerda savdolar u qadar faol emas. Asosan, hammasi Uzum Market orqali ketmoqda», – dedi General Fitness vakili.

Shuningdek