Xorazmda Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi

eʼlon qilindi
Holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Xorazmda Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi / Foto: Bosh prokuratura departamenti

Xorazm viloyati Hazorasp tumanida Janubiy Koreya Respublikasiga ishga yuborish va imtihondan o‘tkazishni va’da qilib fuqarolarni aldagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Firibgarlar o‘zaro til biriktirib, ikki nafar fuqaroni Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan. Ular shu yo‘l bilan $15,5 mingni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Mazkur mablag‘ning $1,5 ming qismi protsessual tartibda qaytarilgan.

Tekshiruv davomida firibgar va uning sheriklari yana 17 nafar fuqaroga Koreyaga ketish uchun o‘tkaziladigan imtihonni ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, ulardan jami $159,5 mingni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.

Yana bir holatda fuqaro boshqa fuqaroga Koreyaga ketish uchun o‘tkaziladigan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tishiga yordam berishini va’da qilib, undan $10 ming olgani aniqlangan. Ushbu mablag‘ ham protsessual tartibda egasiga qaytarilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Janubiy Koreyaga ishga yuborish bo‘yicha firibgarliklar aniqlangan edi.

Shuningdek