1-iyuldan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

eʼlon qilindi
1-iyuldan O‘zbekistonda yuz beradigan o‘zgarishlar
Foto: Kursiv Uzbekistan

Kursiv Uzbekistan 1-iyuldan O‘zbekistonda yuz beradigan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlarni bir joyga jamladi.

O‘zbekistonda pensiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 7,9 foizga o‘sadi — YTB asosiy omillarni ma’lum qildi
Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan pensiya va nafaqalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam to‘lovlari 7 foizga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Pensiya va nafaqalarning yangi miqdorlari

Farmonga muvofiq, yoshga doir eng kam pensiya miqdori oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa oyiga 1 083 000 so‘m etib belgilanadi.

Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun bolalar nafaqasi miqdori ham oshiriladi. Jumladan:

  • 3 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun oyiga 386 ming so‘m;
  • 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun esa 295 ming so‘m;
  • ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m;
  • uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m;
  • oilalarga beriladigan moddiy yordamning oylik miqdori 450 ming so‘m etib belgilanadi.

Pensiya hisoblash bazasi yangilanadi

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.

1-iyuldan kasallik nafaqasini to‘lash tartibi o‘zgaradi

O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi
Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik (kasallik) nafaqasini tayinlash va to‘lashning mutlaqo yangi tartibi joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi. Kursiv Uzbekistan yangi tizimdagi eng muhim 7 ta o‘zgarishni bir joyga jamladi.

1. Moliyalashtirish manbasi o‘zgaradi

Endilikda kasallik nafaqasini to‘lash yuklamasi qisman davlat zimmasiga o‘tadi. Xususan, kasallik varaqasining dastlabki 5 kuni uchun to‘lovni an’anaviy tarzda ish beruvchi to‘lab beradi. Biroq kasallikning 6-kunidan boshlab to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

2. To‘lov miqdori ish stajiga bog‘lanadi

Nafaqaning miqdori xodimning sug‘urta stajidan kelib chiqib quyidagicha belgilandi:

  • sug‘urta staji 6 oydan 8 yilgacha bo‘lganda – o‘rtacha ish haqining 60 foizi;
  • sug‘urta staji 8 yildan ortiq bo‘lganda – o‘rtacha ish haqining 80 foizi miqdorida to‘lanadi.

3. Imtiyozli toifalar uchun qo‘shimcha 20 foiz

Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifalar uchun staj koeffitsiyenti yana 20 foizga oshiriladi. Bular:

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • 4 va undan ortiq farzandi bor ota-onalar;
  • nogironligi bo‘lgan farzandni tarbiyalayotgan ota-onalar.

4. Aniq to‘lov muddatlari belgilandi

Nafaqalarni to‘lashda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:

  • oyning 1 – 15-kunlari tayinlangan nafaqalar — joriy oyning 25-sanasigacha;
  • oyning 16-sanasidan keyin tayinlangan nafaqalar — keyingi oyning 10-sanasigacha to‘lab berilishi shart.

5. Yillik cheklov — 182 kun

Yangi qoidalarga ko‘ra, bir xodimga kasallik nafaqasi bir kalendar yili davomida jami 182 kungacha to‘lanishi mumkin.

6. Yuqori chegara (shiftdan oshmaydi)

Nafaqani hisoblashda cheksiz katta maoshlar inobatga olinmaydi. Maksimal miqdor sifatida xodim o‘rtacha ish haqining Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM)ning 10 baravaridan oshmagan qismi bazaviy hisob kitob qilinadi.

7. To‘liq raqamlashtirish

Barcha jarayonlar byurokratiyadan xoli tarzda, inson omilisiz, to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi.

Yagona milliy QR-kod tizimida komissiya 0,65 foiz etib belgilandi

Yagona milliy QR-kod tizimida komissiya 0,65 foiz etib belgilandi
Yagona milliy QR-kod tizimida komissiya 0,65 foiz etib belgilandi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarni yanada rivojlantirish maqsadida UzQR yagona QR-kod tizimi to‘liq ishga tushirildi.

Ushbu tizim xaridorlarga qaysi bank yoki to‘lov ilovasidan foydalanishidan qat’i nazar, bitta QR kod orqali to‘lovni amalga oshirish imkonini beradi.

Prezident farmoniga asosan, 1-iyuldan boshlab barcha savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari UzQR tizimidan foydalanishi majburiy hisoblanadi. QR kodni o‘rnatmagan tadbirkorlar amaldagi savdo qoidalarini buzgan deb baholanadi.

Komissiya qanday taqsimlanadi

UzQR tizimida umumiy komissiya miqdori 0,65 foiz qilib belgilangan. Mazkur komissiya to‘lov jarayonida ishtirok etuvchi tomonlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Jumladan:

  • 0,10 foiz — ekvayer bank;
  • 0,20 foiz — QR-kod operatori;
  • 0,15 foiz — to‘lov tashabbuskori (mobil ilova);
  • 0,05 foiz — to‘lovchi bank;
  • 0,15 foiz — Uzcard va Humo tizimlari ulushi.

Uzcard va Humo ulushining 0,075 foizi Uzcard, 0,05 foizi esa Humo hissasiga to‘g‘ri keladi.

Elektr va gazni o‘chirish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi

Samarqand va Toshkentda noqonuniy gaz va elektrdan foydalanish holatlari aniqlandi
Foto: Energetika vazirligi

Elektr va gazni o‘chirish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2026-yilda energiya samaradorligini oshirish va tejash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab yangi quriladigan va ta’mirlanadigan davlat obyektlari energiya samaradorligi bo‘yicha kamida «C» toifasiga ega bo‘lishi shart.

Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi. Energiya samaradorligi milliy agentligiga energiya servis xizmatlari uchun kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish vakolati berildi.

Davlat obyektlarida energiya sarfi yuqori bo‘lsa, ularni xalqaro standartlar asosida yaxshilash dasturlari joriy etiladi. Bu ishlar har yili amalga oshiriladi.

«Yagona davlat nazorati» mobil ilovasi ishga tushiriladi

«Yagona davlat nazorati» mobil ilovasi ishga tushiriladi
«Yagona davlat nazorati» mobil ilovasi ishga tushiriladi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Tadbirkorlik faoliyatiga davlat organlari aralashuvining shaffofligini oshirish va nazoratni tartibga solishga qaratilgan «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi ishga tushiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

«Тadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.

Mazkur tizim orqali tadbirkorlar faoliyat yuritayotgan hududdagi hokimlik vakillari, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika va soliq inspektorlari haqida ma’lumot olish hamda ular bilan bevosita muloqot (chat) qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, o‘tkazilgan tekshiruvlar va norasmiy muloqotlar natijasida davlat xodimlari faoliyatiga baho berish tizimi joriy etiladi.

O‘zbekistonda bond omborlari bo‘yicha eksperiment boshlanmoqda: nimalar o‘zgaradi

Foto: craneww.com

O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish maqsadida 2026-yil 13-aprel kuni prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatda huquqiy eksperiment tariqasida yangi turdagi bond ombori tashkil etiladi.

Mazkur huquqiy eksperiment 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishi belgilangan. Uning doirasida rezidentlar va norezidentlar jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni elektron platformalar orqali sotish maqsadida vaqtincha saqlashi mumkin bo‘ladi. Bond omborlarini tashkil etish erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida olib boriladi.

Tovarlarni sotish jarayoni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladigan maxsus reyestrga kiritilgan elektron savdo platformalari orqali amalga oshiriladi. Omborga keltirilgan tovarlar erkin ombor bojxona rejimiga muvofiq joylashtiriladi va keyinchalik jismoniy shaxslarga chakana savdo qilinishiga ruxsat etiladi. Mijozlarga sotiladigan tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi.

Ipoteka omonatlari 1-iyuldan tajriba sifatida joriy qilinadi

O‘zbekistonda ipoteka bozori: tijoratlashtirish, yashil standartlar va past foizli kreditlar
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda uy-joy xaridini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish maqsadida ipoteka omonatlari mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu tartib dastlab tajriba-sinov sifatida amal qiladi, deya belgilandi prezident farmonida.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha ipoteka omonatlari amaliyoti sinov tarzida joriy etiladi. Ushbu tizim orqali ipoteka krediti uchun subsidiya olish bo‘yicha ijobiy xabarnoma olgan fuqarolar banklarda maxsus omonat ochib, uy-joy uchun dastlabki badalni jamg‘arish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ko‘p qavatli uy-joy uchun majburiy badalni to‘lamaganlarga «svet»ga to‘lov qilish cheklanadi

Foto: Unsplash

O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab ko‘p kvartirali uy uchun badalni vaqtida to‘lamagan uy egalari uchun elektr energiyasi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish vaqtincha cheklanadi. Bu tartib prezidentning 5-fevralda qabul qilingan qarorida belgilangan.

Agar majburiy badallar oyning 15-sanasigacha to‘lanmasa, elektr uchun to‘lovlar qarzdorlik to‘liq yopilgunga qadar qabul qilinmaydi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra uylarning bank hisobvarag‘iga tushgan mablag‘lar har oy birinchi navbatda umumiy ehtiyojlar – liftlar ishlashi, podyezd va zinapoyalarni yoritish, hovli hududi va boshqa infratuzilma xarajatlariga yo‘naltiriladi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda xarid cheklari bo‘yicha avtomobil yutug‘i yo‘lga qo‘yiladi

UzAuto Motors avtomobil shartnomalariga QR-kod joriy qildi
Foto: ijtimoiy tarmoq

Hukumat qaroriga muvofiq, 1-iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar uchun yutuqli aksiya boshlanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan xarid cheklari lotereyada ishtirok etish imkonini beradi. Har bir yutuqli o‘yin yakunida g‘olibga bosh sovrin sifatida avtomobil topshiriladi.

1-iyuldan xususiy klinikalar ham budjet hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatadi

Tadbirkorlarga zamonaviy klinika qurish uchun 200 million dollarlik imtiyozli kredit beriladi
Foto: clinics.uz

1-iyuldan O‘zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalari davlat tibbiy sug‘urtasi tizimiga qo‘shilib, ayrim tibbiy xizmatlarni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Prezidentning 5-maydagi farmoniga muvofiq, litsenziyasida nazarda tutilgan yo‘nalishlar bo‘yicha nodavlat klinikalar ham davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bemorlarni qabul qilishi mumkin.

Yangi tartibga ko‘ra, davlat tomonidan qoplanadigan davolash xarajatlari davlat va xususiy tibbiyot muassasalari uchun bir xil bazaviy narxlar asosida moliyalashtiriladi.

Dachalarni ijaraga berish Soliq ilovasi orqali rasmiylashtiriladi

Foto: dachalar.uz

1-iyuldan O‘zbekistonda dala hovlilarini (dachalarni) ijaraga berish Soliq mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, dam olish uchun dala hovlisini ijaraga berayotgan fuqarolar shartnomani ilovadagi «men bilan birga» xizmati orqali rasmiylashtiradi. Bunda ijarani bir nafar shaxs nomiga rasmiylashtirish va u bilan birga dam oladiganlar sonini ko‘rsatish kifoya bo‘ladi.

Shuningdek, shu sanadan boshlab sayyohlar va xizmat ko‘rsatuvchilar uchun mo‘ljallangan Milliy turizm yagona platformasi hamda uning mobil ilovasi ham ishga tushiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-iyundan nimalar o‘zgargani haqida yozgandi.

Shuningdek