Gadjetlar

410 dollarlik Redmi K90 Ultra taqdim etildi

Redmi K90 Ultra 8550 mA·soat sig‘imli akkumulyator bilan taqdim etilgan
410 dollarlik Redmi K90 Ultra taqdim etildi
Foto: Redmi

Xiaomi Xitoy bozorida yangi Redmi K90 Ultra smartfonini rasman taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri xabar berdi.

Qurilma 16/256 GB xotirali asosiy talqinda 2 799 yuan (taxminan $410) narxda sotuvga chiqdi. Shuningdek, 12/512 GB va 16/512 GB xotirali versiyalari mos ravishda 3 299 va 3 499 yuan etib belgilangan.

165 Gs ekran va faol sovitish tizimi

Smartfon 6,83 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan. Ekran 1,5K aniqlik, 165 Gs yangilanish chastotasi va 3500 nitgacha maksimal yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Alyuminiy korpusli qurilma Qualcomm’ning Snapdragon 8 Elite protsessoriga hamda D2 grafik chipiga ega.

O‘yinlar vaqtida yuqori unumdorlikni ta’minlash uchun katta bug‘ kamerasi va ichki ventilyatorli faol sovitish tizimi o‘rnatilgan. Qurilma LPDDR5X Ultra operativ xotirasi va UFS 4.1 doimiy xotirasi bilan ta’minlangan.

100 Vt quvvatlash va IP69 himoyasi

Redmi K90 Ultra 8550 mA·soat sig‘imli akkumulyator bilan taqdim etilgan bo‘lib, 100 Vt tezkor simli quvvatlash hamda 22,5 Vt teskari quvvatlash funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘yin vaqtida energiyani batareyani chetlab o‘tib bevosita tizim platasiga uzatish imkoniyati ham mavjud, bu esa qizishni kamaytirib, akkumulyator xizmat muddatini uzaytiradi.

Qurilma IP66, IP68 va IP69 darajasidagi chang hamda suvdan himoyaga ega. Shuningdek, smartfon 50 megapikselli asosiy kamera, Bose stereokarnaylari, ultratovushli barmoq izi skaneri va ekran sezgirligini hududlar bo‘yicha alohida sozlash imkoniyati bilan jihozlangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Redmi K90 Ultra smartfoni 165 Hz ekran bilan chiqishi haqida yozgandi.