
Chevrolet kompaniyasi Chevrolet Traverse High Country 2027 modeli uchun bir qator kichik yangilanishlarni tayyorladi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
2027-yilgi Traverse High Country’da avval qo‘llanilgan kuzov rangidagi chiziqqa ega xrom eshik tutqichlari bekor qilindi. Ularning o‘rniga oddiy kuzov rangidagi eshik tutqichlari qo‘yiladi. Bunday tutqichlar avvaldan LT, Z71 va RS versiyalarida standart sifatida taklif etilgan. Shu tariqa, xrom aksentli eshik tutqichlari endi Traverse oilasining hech bir versiyasida mavjud bo‘lmaydi.
Yana bir o‘zgarish tom relslariga tegishli. 2027-yilgi Traverse High Country’da kumushrang tom relslari o‘rniga yangi yaltiroq qora relslar o‘rnatiladi. Kumushrang relslar ham model qatoridan chiqarib tashlangan.

Bu o‘zgarishlarning barchasi High Country’ga yanada monoxrom, ya’ni bir xil rangga yaqin ko‘rinish beradi. Avval ushbu versiyani boshqa komplektatsiyalardan ajratib turuvchi yorqin tashqi aksentlar endi qoraroq elementlar bilan almashtirilmoqda. Shunga qaramay, High Country Traverse qatoridagi eng yuqori komplektatsiya maqomini saqlab qoladi.
Yana nimalarni kutish kerak
2027-yilgi Chevy Traverse boshqa kichik yangilanishlarga ham ega bo‘ladi. Ular orasida yangi salon ranglari va materiallari, qayta ishlangan yengil qotishmali disklar, ikkita yangi kuzov rangi, qo‘shimcha kamera texnologiyalari va boshqa o‘zgarishlar bor.

Texnik jihatdan 2027-yilgi Chevrolet Traverse standart ravishda 2,5 litrli turbo benzin dvigateli bilan jihozlanadi. Model GM C1 platformasi asosida ishlab chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Onix avtomobilining narxi pasaygani haqida yozgan edi.