Qachongacha chet davlatlarning suv texnologiyalarini sotib olamiz — ekspert suv sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar haqida

O‘zbekistonda suv sohasidagi muammolarni hal qilish uchun ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarga ko‘proq mablag‘ ajratish kerak. Ekspert Dilshod Shodiyevning aytishicha, oxirgi besh yilda mamlakatda himoya qilingan qariyb 20 mingta ilmiy ishning atigi 48 tasi suv sohasiga tegishli.
Bu fikrlar Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi tomonidan o‘tkazilgan «O‘zbekistonda suv sohasidagi islohotlar: erishilgan natijalar, mavjud chaqiriqlar va kelajak istiqbollari» mavzusidagi ekspertlar kengashining I yig‘ilishida bildirildi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Ekspertning fikricha, suv sohasida ilm-fan, innovatsiyalar va amaliy tadqiqotlarga yetarli e’tibor berilmasa, davlat idoralari uchun zarur tahlillar va texnologik yechimlar ham kam bo‘ladi.
Suv sohasidagi ilmiy ishlar juda kam
Dilshod Shodiyevning aytishicha, oxirgi besh yilda O‘zbekistonda qariyb 20 mingta ilmiy ish himoya qilingan. Shundan suv sohasiga taalluqli ilmiy ishlar soni atigi 48 tani tashkil etgan. Bu umumiy ko‘rsatkichning taxminan 1 foiziga teng.
Ekspert bu raqamni juda past deb baholadi. Uning fikricha, suv taqchilligi kuchayib borayotgan bir paytda sohada ilmiy tadqiqotlar hajmi ancha ko‘proq bo‘lishi kerak.
Shodiyev Strategyn kompaniyasi hisob-kitoblariga tayanib, O‘zbekistonda 1 kub metr suv iqtisodiyotga $3 gacha qiymat olib kelayotganini aytdi.
Dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 1 kub metr suvga $23 atrofida. Ekspertga ko‘ra, bu O‘zbekiston suvdan foydalanish samaradorligi bo‘yicha dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichidan qariyb 8 barobar ortda ekanini anglatadi.
Uning fikricha, bu farqni kamaytirish uchun suv sohasida ilmiy tadqiqotlar, yangi ishlanmalar va innovatsiyalarni ko‘paytirish zarur.
Ilmiy tadqiqotlarga ajratilayotgan mablag‘ kamaymoqda
Ekspert ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish masalasiga ham e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, davlat budjetidan ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishga o‘rtacha 1 trln so‘m ajratilmoqda. Biroq oxirgi yillarda bu mablag‘larning umumiy budjet xarajatlaridagi ulushi kamayib bormoqda.
Shodiyevning ta’kidlashicha, oxirgi uch yilda ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni moliyalashtirishga ajratilgan mablag‘lar umumiy xarajatlarga nisbatan 30 foizga kamaygan.
Ekspert O‘zbekistonda R&D, ya’ni ilmiy tadqiqot va ishlanmalarga ajratilayotgan mablag‘lar yalpi ichki mahsulotga nisbatan juda past ekani (0,1 foizdan ham kam)ni aytdi. Taqqoslash uchun, Isroilda bu ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotning 5,7 foizini, Janubiy Koreyada 3,5–4 foizini tashkil etadi. Qozog‘istonda esa bu ko‘rsatkich 0,17 foiz atrofida ekani aytildi.
Shodiyevga ko‘ra, bu O‘zbekistonda ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirishga yetarli e’tibor berilmayotganini ko‘rsatadi.
Moliyalashtirish olish uchun 9 oy kutishga to‘g‘ri kelmoqda
Yig‘ilishda ilmiy loyihalarni moliyalashtirish tartibidagi byurokratiya ham tanqid qilindi. Shodiyevning aytishicha, ilmiy tadqiqot uchun davlatdan moliyalashtirish olish jarayoni qonunchilikda belgilangan muddatlarning o‘zi bo‘yicha kamida 9 oy davom etadi.
Amalda esa bu jarayon ayrim hollarda bir yilgacha cho‘zilishi mumkin. Ekspertga ko‘ra, hozirgi tartib 12 bosqichdan iborat. Unda texnik ekspertiza, mustaqil ekspertiza va ilmiy kengashdagi ko‘rib chiqish kabi bir necha bosqich mavjud.
Masalan, texnik ekspertiza faqat hujjatlar to‘liq topshirilgan yoki topshirilmaganini tekshiradi. Ekspert fikricha, bunday jarayonni sun’iy intellekt yordamida bir kunda yoki hatto bir soatda bajarish mumkin. Biroq hozir bunday tekshiruvlar uchun 15 kungacha vaqt ajratilgan. Keyingi bosqichlarda esa loyiha qiymati, ilmiy asoslari va moliyalashtirish imkoniyati qayta-qayta ko‘rib chiqiladi.
Ekspertga ko‘ra, suv sohasida dala tajribalari, uskunalar, o‘simliklar bilan bog‘liq tadqiqotlar va amaliy ishlanmalar uchun mablag‘ juda muhim. Shu sababli moliyalashtirishning bir yilgacha cho‘zilishi ilmiy jarayonni sekinlashtiradi.
Suv loyihalari uchun alohida tartib taklif qilindi
Dilshod Shodiyev suv sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun alohida va soddalashtirilgan moliyalashtirish tartibini joriy etish kerakligini aytdi. Uning fikricha, suv strategik soha sifatida qaralishi va bu yo‘nalishdagi ilmiy loyihalarga tezroq mablag‘ ajratilishi lozim.
Ekspert suv sohasida ko‘proq ilmiy natijalar va texnologik ishlanmalar bo‘lsa, Suv xo‘jaligi vazirligi, urbanizatsiya sohasi va boshqa mas’ul idoralar uchun amaliy yechimlar ko‘payishini ta’kidladi.
Shodiyev mahalliy ilmiy ishlanmalarni ko‘paytirish zarurligini alohida ta’kidladi.
«Ilmiy tadqiqotlarga, innovatsiyalarga pulni ayamaslik kerak. Biz qachongacha chet davlatlarning ilmiy ishlanmalarini yoki texnologiyalarini sotib olamiz? Undan arzonroqqa bitta olimga yoki ilmiy jamoaga pul beraylik, ular shundan qolishmaydigan ishlanma qilib beradi. 100 tasini qilib bermasa ham, 1000 tasiga beraylik, 1000 tadan 10 tasida chiqadi shu narsa», — dedi u.
Ilm-fan eng rentabelli sohalardan biri
Yig‘ilishda ekspert Tolibjon Qudratov ham ilm-fanga mablag‘ ajratish zarurligini qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, ilm-fan eng rentabelli va o‘zini oqlaydigan sohalardan biri. U ilmiy tadqiqotga kiritilgan mablag‘ kelajakda 10–15 barobar samara berishi mumkinligini ta’kidladi.
Qudratov ilm-fanda avlodlar almashinuvi masalasiga ham e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, ilmiy-tadqiqot institutlarida katta tajribaga ega keksa avlod bor, lekin o‘rta avlod vakillari kam. Bu esa tajriba uzluksizligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Ekspert suv masalasi faqat Suv xo‘jaligi vazirligining vazifasi emasligini aytdi.
Uning fikricha, suvni asrash butun jamiyatning umumiy masalasiga aylanishi kerak. Bu g‘oya bolalar bog‘chasi va maktabdan boshlab aholiga singdirilishi lozim.
Ekspert O‘zbekistonda suvni asrash bo‘yicha milliy g‘oya ishlab chiqish va uni qonuniy asosda mustahkamlash taklifini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oxirgi uch yil ichida fermerlarning 30 foizining yeri olib qo‘yilgani haqida ma’lumot berilgandi.