Qirgʻizistonda ShHT sammiti sabab yangi oʻquv yili 15-sentabrda boshlanadi

Qirgʻizistonda umumta’lim maktablarida yangi oʻquv yili 15-sentabrdan boshlanadi. Mamlakat Ta’lim vazirligi darslar boshlanish sanasini ikki haftaga kechiktirdi, deb xabar bermoqda 24.kg.
Vazirlik ma’lumotlariga koʻra, bunday qaror Qirgʻizistonda Jahon koʻchmanchilar oʻyinlari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar sammiti hamda mamlakat mustaqilligining 35 yilligini nishonlash tadbirlari oʻtkazilishi munosabati bilan qabul qilingan.
Oʻquv dasturlari va rejalari toʻliq bajarilishini ta’minlash maqsadida ta’lim jarayonini tashkil etish tartibiga oʻzgartirishlar kiritildi. Xususan, yuqori sinf oʻquvchilari uchun yil davomida qoʻshimcha sakkizta oʻquv shanbasi tashkil etiladi.
Darslar shanba kunlari taxminan oyiga bir marta oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Qaysi shanba kunlari mashgʻulotlar boʻlishi esa oʻqituvchilar va ota-onalarning takliflarini inobatga olgan holda belgilanadi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda 1-sinfga qabul boshlangani haqida xabar bergan edi.