WhatsApp telefon raqamisiz muloqot uchun username funksiyasini joriy etadi

30-iyun 2026 18:17 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
WhatsApp o‘smirlar uchun ota-onalar nazoratidagi akkauntlarni joriy etdi
WhatsApp telefon raqamisiz muloqot uchun username funksiyasini joriy etadi / Foto: Tech Advisor

WhatsApp platformasi telefon raqamini oshkor qilmasdan muloqot qilish imkonini beruvchi yangi username funksiyasini ishga tushirmoqda. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, akkaunt yaratish uchun baribir telefon raqami talab etiladi. Kompaniya bu funksiyani bir necha yildan beri ishlab chiqib kelgan va endi uning ishlash tartibini rasman ma’lum qildi.

Yangi qoidaga ko‘ra, foydalanuvchilar 3 dan 35 tagacha belgidan iborat username tanlashi mumkin bo‘ladi. Dastlab ayrim mashhur shaxslar, VIP foydalanuvchilar va tashkilotlar uchun maxsus nomlar band qilinadi. Shuningdek, foydalanuvchilar o‘zlarining Facebook va Instagram hisoblaridagi username bilan mos nomni WhatsAppda ham olish imkoniga ega bo‘ladi.

Username’lar takrorlanmasligi uchun oldindan rezervatsiya tizimi orqali taqsimlanadi, chunki platformada 3 mlrddan ortiq foydalanuvchi mavjud. Ushbu imkoniyat faollashgach barchaga bildirishnoma yuboriladi va sozlamalar orqali username tanlash mumkin bo‘ladi.

Yangi tizimda «username key» ham joriy etiladi — bu maxsus kalit bo‘lib, faqat uni bilganlar foydalanuvchiga yozishi mumkin bo‘ladi. Username’lar qidiruvda chiqmaydi va istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki o‘chirilishi mumkin.

Hozircha kontakt qo‘shish username’ni qo‘lda kiritish orqali amalga oshiriladi, QR kod orqali ulanish funksiyasi yo‘q. Telegram, Signal va Wire kabi ilovalar esa bu imkoniyatni avvalroq joriy etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Instagram, Facebook va WhatsApp uchun pulli obunalarni ishga tushirilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek