AI-95 16 000 so‘m: benzin narxlari oshmoqda

O‘zbekistonda birja savdolarida AI-92 benzini narxi yana oshdi. 30-iyun savdolarida AI-92 benzin tonnaga 13,8 mln so‘mdan yuqori shakllangan. «Zapravka»larda esa AI-92 litri uchun 13 ming so‘m, AI-95 esa 16 ming so‘mdan sotilmoqda.
26-may kuni AI-92 benzinining birjadagi o‘rtacha narxi 12,5 mln so‘m/tonna bo‘lgan bo‘lsa, 30-iyunga kelib bu ko‘rsatkich 13,8 mln so‘m/tonnaga yetdi. Ya’ni bir oydan sal ko‘proq muddatda narx 1,3 mln so‘mga yoki 10,6 foizga oshgan. Eng keskin o‘sish 5–8-iyun kunlari kuzatildi: 5-iyunda 13,1 mln so‘m bo‘lgan narx 8-iyunda 13,8 mln so‘mga chiqib, qisqa muddatda 719,7 ming so‘mga ko‘tarilgan.

Chakana bozorda AI-92 narxlari farqlanmoqda
Kursiv Uzbekistan o‘rganishlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi ko‘plab AYQShda AI-92 benzini 12 600–13 000 so‘m oralig‘ida sotilmoqda.

Bu esa birjadagi narx o‘zgarishlari chakana bozorda ham bosqichma-bosqich aks etayotganini ko‘rsatadi.
Kursiv Uzbekistan muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan taksi haydovchilari ham yonilg‘i narxlari oshgani sezilayotganini bildirdi.
AI-95 narxi 14 800–16 000 so‘m atrofida
Toshkentdagi ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-95 narxi 14 800 so‘mdan 16 000 so‘mgacha bo‘lgan. AI-95 narxi import yonilg‘i, logistika va ichki bozordagi talabga qarab farqlanishi mumkin.

Iqtisodchi Otabek Bakirov benzin narxlarining oshayotganini tanqid qildi. Uning fikricha, chakana narxlar tez ko‘tarilmoqda va ayrim hollarda har kuni yoki har hafta benzin narxiga 200–500 so‘m qo‘shilayotgani kuzatilmoqda.

Bakirov narxlarni jilovlash, importni diversifikatsiya qilish va tashqi ta’minotga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rinmayotganini ta’kidladi.
Yonilg‘i ishlab chiqarish kamaygani aytilmoqda
Bakirov keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, may oyida O‘zbekistonda benzin ishlab chiqarish 84,7 ming tonnagacha kamaygan. Bu avvalgi davrga nisbatan 17,7 ming tonnaga kam.
Dizel ishlab chiqarish esa 95,4 ming tonnagacha tushgan. Bu ko‘rsatkich 21,3 ming tonnaga pasaygan. Iqtisodchining fikricha, ichki ishlab chiqarishdagi pasayish va importga bog‘liqlik narxlar oshishiga bosim qilishi mumkin.
Rossiyada ham yonilg‘i bozori bosim ostida
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya hukumati 2026-yil 31-iyulgacha benzin eksportiga cheklovlarni ishlab chiqaruvchilarga ham tatbiq qilgan.
Bu qaror ichki yonilg‘i bozorida barqarorlikni saqlash, mavsumiy talab va qishloq xo‘jaligi ishlari davrida benzin yetishmovchiligining oldini olish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, Rossiyada avtomobil yonilg‘isi sifatiga qo‘yilgan talablarni vaqtincha yumshatish, jumladan, pastroq ekologik klassdagi benzin va dizel ishlab chiqarishga ruxsat berish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
DW nashrining qayd etishicha, Rossiyada yoz oxirida benzin taqchilligi odatiy holga aylanib qolgan. Chunki bu vaqtda ta’tillar va oʻrim-yigʻim sababli yonilgʻiga talab keskin oshadi, neft zavodlari esa rejaviy ta’mirlashga yopiladi. Biroq 2026-yilda vaziyat yanada ogʻirlashdi: Rossiya armiyasining hujumlariga javoban Ukrainaning dronlari RF neft zavodlariga zarba berdi. Oqibatda yonilgʻi inqirozi iyundan boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 15-sentabrgacha issiq soatlarda yonilg‘i tashish va quyish cheklanishi haqida xabar berilgandi. Xususan, kunning eng issiq vaqti hisoblangan soat 11:00 dan 17:00 gacha propan va benzin quyish shoxobchalarida yirik tonnajli transport vositalari hamda katta sig‘imlarda yonilg‘ini tashish, to‘kish va quyish ishlari cheklanadi.