Sport

Behruz Karimov: Top-5 chempionatlardan takliflar bor

Ashurmatov va Husanov motivatsiya bermoqda — Behruz Karimov JCh-2026 haqida
Ekran tasviri / YouTube

O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatidagi ishtirokini yakunlab, yurtimizga qaytdi. Kutib olish marosimida terma jamoa a’zosi Behruz Karimov OAV vakillari bilan suhbatlashdi.

«O‘z darajamizni bilib oldik»

Behruz Karimovning aytishicha, jahon chempionati O‘zbekiston milliy jamoasi uchun muhim turnir bo‘ldi.

«Jahon chempionati biz uchun muhim turnir bo‘ldi. O‘z darajamizni bilib oldik. Keyingi turnirlarda yanada yaxshiroq qatnashib, munosib o‘rinlarni olishga harakat qilamiz», — dedi futbolchi.

U muxlislar va prezidentga ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.

Takliflar o‘rganib chiqiladi

Karimov hozircha unga Top-5 chempionatlar va boshqa ligalardan qiziqish borligini aytdi.

«Hozircha Top-5 chempionatlari va boshqa ligalardan qiziqish bor. Biz ularni o‘rganib chiqib, bir qarorga kelamiz», — dedi u.

Futbolchi kelajakdagi orzusi haqida ham gapirdi. Uning aytishicha, maqsadi «Real» klubida to‘p tepish. Biroq Karimov bunga bosqichma-bosqich erishmoqchi.

«Orzuyim — ‘Real’da to‘p tepish. Lekin unga hozir to‘g‘ridan to‘g‘ri borib bo‘lmaydi. Boshqa ligalarda o‘ynab, bunga erishmoqchiman», — dedi Karimov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston terma jamoasi JCh – 2026 dan so‘ng tantanali kutib olingani haqida xabar berilgandi. Toshkent xalqaro aeroportida terma jamoani bosh vazir Abdulla Aripov, hukumat vakillari, sport jamoatchiligi va muxlislar kutib oldi. Bu terma jamoa uchun tarixda birinchi jahon chempionati bo‘ldi.