
Rossiyaning Caviar kompaniyasi Apple hali rasman taqdim etmagan buklanadigan iPhone Ultra uchun lyuks kolleksiyani e’lon qildi. Qurilma narxi 1 mln rubl ($12,8 ming)dan oshishi mumkin.
Apple hali smartfonni taqdim etmagan
Buklanadigan iPhone’ning rasmiy taqdimoti hali kutilmoqda. Shunga qaramay, Caviar kompaniyasi kelajakdagi model uchun «Flagman» nomli maxsus kolleksiyani tayyorlaganini ma’lum qildi.
Kompaniyaga ko‘ra, ushbu seriya iPhone Ultra’ning Apple lineykasidagi eng texnologik va eng qimmat qurilma bo‘lishini ta’kidlashga qaratilgan.
To‘rtta dizayn varianti bo‘ladi

Kolleksiyaga to‘rtta dizayn versiyasi kiritilgan. Dark Cherry versiyasida binafsha rang timsoh terisi va 999 probali oltin bezaklar ishlatiladi. Titan versiyasi to‘liq qora va monoxrom ko‘rinishda bo‘ladi.
Silver modeli 925 probali kumush panellar bilan jihozlanadi. Gold esa eng qimmat versiya bo‘lib, unda karbon va 750 probali oltindan ishlangan hajmli Apple logotipi qo‘llanadi.
Eng qimmat versiya $13 mingdan oshadi

Caviar ma’lumotlariga ko‘ra, Flagman kolleksiyasidagi modellar narxi 849 ming rubl ($10,9 ming)dan boshlanadi.
iPhone Ultra Gold versiyasining 1 TB xotirali varianti esa 1,019 mln rubl ($13 ming)gacha baholangan.
Buklangan holatda bloknotga o‘xshashi mumkin
Ma’lumotlarga ko‘ra, Apple’ning buklanadigan smartfoni yopiq holatda ixcham bloknotga o‘xshashi mumkin. Hozircha Apple buklanadigan iPhone Ultra haqida rasmiy ma’lumot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple xotira va saqlash chiplari narxining keskin qimmatlashuvi fonida iPad va MacBook qurilmalari narxlarini oshirishini e’lon qilgandi.
Kompaniya ma’lum qilishicha, narxlarning oshishiga sun’iy intellekt infratuzilmasi uchun ma’lumotlar markazlari jadal qurilishi sabab xotira va saqlash chiplari narxining keskin ko‘tarilgani sabab bo‘lgan.