Donald Tramp bir yilda 1 milliard dollardan ortiq daromad oldi

AQSh prezidenti Donald Tramp kriptovalyuta va turli biznes faoliyatlari orqali bir yilda $1 mlrddan ortiq daromad olgani qayd etildi. Bu haqda BBC ma’lum qildi.
Hisobotda Tramp «Celebration Coins» nomli tuzilma orqali $635 mlrd royalti olgani, bu esa u tomonidan ishga tushirilgan $TRUMP mem-coin bilan bog‘liq ekani aytiladi. Ushbu kriptotoken qiymati ishga tushirilgandan keyin pasaygani ham qayd etilgan.
Shuningdek, u o‘g‘illari hamda maxsus vakil Stiv Uitkoffning farzandlari tomonidan tashkil etilgan World Liberty Financial kriptokompaniyasidan $500 mlndan ortiq daromad olganini bildirgan. Oq uy esa prezidentning bu bizneslardan shaxsiy foyda ko‘rganini rad etgan.
Moliyaviy deklaratsiyaga ko‘ra, Trampning umumiy daromadi kamida $2,2 mlrdga yetgan bo‘lib, bu 2024-yilgi $600 mlndan yuqori ko‘rsatkichdan sezilarli oshgan. Uning daromadlari orasida Mar-a-Lago klubidan $77 mln, Florida shtatidagi golf biznesidan $122 mln ham qayd etilgan.
Bundan tashqari, u turli savdo belgilaridan, jumladan soatlar, kiyimlar va boshqa brend mahsulotlaridan millionlab dollar daromad olgani, shuningdek, yirik sud jarayonlari bo‘yicha kompensatsiyalar ham hisobotda aks etgani ma’lum qilindi.
Oq uy Tramp bizneslari uning farzandlari tomonidan boshqariladigan trast orqali yuritilishini bildirgan bo‘lsa-da, ayrim tanqidchilar bu holat manfaatlar to‘qnashuvi ehtimolini kuchaytirishini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQSh mustaqilligining 250 yilligiga yangi pasport dizaynini namoyish etgan edi.