
Jahon chempionatining 1/16 finalidan o‘rin olgan dramatik uchrashuvda Norvegiya terma jamoasi Kot-d’Ivuarni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Skandinaviyaliklar o‘yin oxirida g‘alabani ilib ketishdi.
Uchrashuvdagi hisob birinchi bo‘lim oxirida ochildi. 39-daqiqada jamoa yetakchisi Martin Edegorning aniq uzatmasidan so‘ng, Antonio Nusa raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Gol muallifi taym so‘nggida sariq kartochka bilan jazolandi.
Ikkinchi bo‘limda Kot-d’Ivuar futbolchilari hisobni tenglashtirish maqsadida hujumkorlikni oshirishdi va bu o‘z samarasini berdi. 74-daqiqada Amad Diallo muvozanatni tiklab, o‘yinga keskinlik qaytardi — 1:1.
Biroq, uchrashuvning so‘nggi qismida Norvegiya o‘zining asosiy qurolini ishga soldi. Barcha masala qo‘shimcha bo‘limlarga qarab ketayotgandek tuyulgan bir paytda, 86-daqiqada yulduz hujumchi Erling Holand o‘z so‘zini aytdi. U aniq zarbasi bilan hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirib, terma jamoasiga g‘alaba tortiq qildi. Bu Holandning joriy mundialdagi 5-goli bo‘ldi.
Shu tariqa, qiyin g‘alabaga erishgan Norvegiya 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va bu bosqichda Braziliya bilan kuch sinashadi. Eslatib o‘tamiz, braziliyaliklar o‘zlarining 1/16 finaldagi uchrashuvida Yaponiyani Gabriel Martinellining 96-daqiqadagi goli evaziga taslim etishgan edi.