
JCh – 2026 nimchorak finaliga chiqish uchun o‘tayotgan bahsda Meksika terma jamoasi Ekvadorga qarshi 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuv Mexikodagi «Estadio Asteka» stadionida o‘tkazildi.
O‘yin avvaliga kuchli momaqaldiroq sabab bir soatga kechiktirildi. Ob-havo yaxshilangach, jamoalar maydonga tushdi va mezbonlardan biri hisoblangan Meksika uchrashuvni juda faol boshladi.
Hisob 22-daqiqada ochildi. Roberto Alvaradoning ajoyib uzatmasidan keyin Xulian Kinones himoyachilar ortiga yorib kirdi, ichkariga harakat qildi va darvozabon Galindesni dog‘da qoldirib, kuchli zarba bilan to‘pni darvozaga joyladi. FIFA hakamlari vaziyatda ofsayd yo‘qligini tasdiqlagach, gol inobatga olindi.

31-daqiqada Meksika ustunligini ikki barobarga oshirdi. Ekvador himoyachisi Ordonesning xatosidan keyin to‘p Raul Ximenesga kelib tushdi. U Kinones bilan kombinatsiya o‘ynadi va jarima maydoni ichidan aniq zarba bilan hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Birinchi bo‘lim davomida Meksika tezkor va to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlari bilan Ekvador himoyasiga jiddiy bosim o‘tkazdi. Xulian Kinones, Raul Ximenes, Gilberto Mora va Roberto Alvarado mezbonlar hujumida faol ko‘rindi. Ayniqsa, 17 yoshli Gilberto Moraning harakati mutaxassislar tomonidan alohida e’tirof etildi.
Ikkinchi bo‘lim kurashga boy o‘tdi

Tanaffusdan keyin Ekvador ko‘proq to‘pga egalik qila boshladi. Ikkinchi bo‘limning dastlabki qismida ekvadorliklar 70 foizga yaqin to‘p nazoratiga ega bo‘ldi, biroq zarbalar bo‘yicha Meksika baribir faolroq ko‘rindi. Meksika himoyada tartibli o‘ynab, qarshi hujumlarda xavf yaratishda davom etdi.
Ekvador bosh murabbiyi Sebastyan Bekkachese o‘yinga burilish kiritish uchun tarkibda o‘zgarishlar qildi. Anxelo Presyado, Yaymar Medina va Kevin Rodriges maydonga tushirildi. Meksika safida esa Vargas va Ximenes o‘rniga yangi futbolchilar kiritildi.
Meksika 1/16 finalda Angliya yoki Kongo DR terma jamoasiga qarshi aynan «Estadio Asteka» stadionida maydonga tushadi.
Avvalroq «Kursiv» Shomurodovning goli guruh bosqichida eng yaxshisi deb topilgani haqida yozgan edi.