Zo‘ravon bog‘cha tarbiyachisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi — video

Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi xususiy bog‘cha tarbiyachisining tarbiyalanuvchilarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llagani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda poytaxt IIBB ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda xususiy bog‘cha tarbiyachisining tarbiyalanuvchilarga nisbatan kuch ishlatayotgani aks etgan videolar tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan tegishli organlar rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Uchtepa tumanidagi nodavlat ta’lim muassasalaridan birida tarbiyachi bo‘lib ishlovchi, 1990-yilda tug‘ilgan shaxs muntazam ravishda tarbiyalanuvchilarga nisbatan kuch ishlatib, ularni qiynab kelgani aniqlangan. Ayrim bolalarning olgan tan jarohatlari yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Shuningdek, nodavlat ta’lim muassasasi faoliyati yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi («Qiynash») alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda uch piyodani urib ketgan Malibu haydovchisi qamoqqa olingan edi.