
Kursiv Uzbekistan muxbiri Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi avtomobil bozorida bo‘lib, foydalanilgan Chevrolet avtomobillari narxlarini o‘rgandi. Bozorda juda ko‘p masofa bosgan va avval yo‘l-transport hodisasiga uchragan avtomobillar ham, bank orqali bo‘lib to‘lash asosida sotilayotgan nisbatan yangi mashinalar ham uchraydi.
Eng arzon takliflardan biri 2018-yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Nexia 3 bo‘ldi. Taxminan 250 ming kilometr yurgan, metan uskunasi o‘rnatilgan ushbu avtomobil $3 mingga sotuvga qo‘yilgan. Sotuvchining aytishicha, mashina avval YTHga uchragan.

Yana bir taklif — 2016-yilda ishlab chiqarilgan, qariyb 300 ming kilometr yurgan va metan uskunasi bilan jihozlangan Chevrolet Cobalt bo‘lib, uning narxi $6 mingni tashkil etgan.
Bozorda 2020-yilda ishlab chiqarilgan, taxminan 100 ming kilometr yurgan, benzinli Chevrolet Gentra ham sotuvga qo‘yilgan. Uning narxi $7 ming etib belgilangan.
Muxbir Chevrolet Onix avtomobilining ham ikkita taklifini aniqlagan. Ular mos ravishda $12 ming va $14,5 mingga baholangan. Har ikkala avtomobilning yurgan masofasi 30 ming kilometrdan kam. Narxdagi farq gaz uskunasi o‘rnatilgani bilan izohlangan.
Hozirda bozorda o‘rtacha Chevrolet Nexia 3 narxlari $5,5 mingdan $8,5 minggacha, Chevrolet Cobalt $6 mingdan $13 minggacha, Chevrolet Gentra esa $7,5 mingdan $15,5 minggacha taklif etilmoqda.

Bo‘lib to‘lash asosida ham avtomobillar sotilmoqda
To‘liq to‘lov evaziga sotilayotgan avtomobillardan tashqari, Sergeli bozorida bo‘lib to‘lash sharti bilan ham ko‘plab avtomobillar taklif qilinmoqda.
Masalan, gaz uskunasi o‘rnatilgan 2023-yilgi Chevrolet Cobalt uchun boshlang‘ich to‘lov $300 ni tashkil etadi. Shundan so‘ng xaridor 5 yil muddatga oyiga 4,26 mln so‘m yoki 4 yil muddatga oyiga 4,51 mln so‘mdan to‘lov qiladi.
Yana bir 2023-yilgi Chevrolet Lacetti (Gentra) $400 boshlang‘ich to‘lov bilan taklif etilgan. Keyinchalik xaridor 5 yil davomida oyiga 4,49 mln so‘m, 4 yil davomida 5 mln so‘m yoki 3 yil davomida 5,9 mln so‘mdan to‘lov amalga oshirishi kerak.

Shuningdek, metan uskunasi bilan jihozlangan 2022-yilgi Chevrolet Gentra $600 boshlang‘ich to‘lov evaziga sotuvga qo‘yilgan. Bunda 5 yil muddatga oyiga qariyb 3,98 mln so‘m, 4 yilga 4,5 mln so‘m, 3 yilga esa 5,19 mln so‘mdan to‘lov belgilangan.
Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda yangi Chevrolet Cobalt narxi 146,5 mln so‘mdan, Chevrolet Onix esa 161,9 mln so‘mdan boshlanadi. Chevrolet Nexia 3 va Chevrolet Gentra modellari esa endilikda ishlab chiqarilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Tracker 2026 avtomobilining sotuvdagi narxlari haqida yozgan edik.