Andijonda «prava»ni qayta olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Andijon viloyatida haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan shaxs firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Vatanparvar tashkiloti» Shahrixon o‘quv sport texnika markazi o‘rgatuvchisi qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, u haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lgan fuqaroga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini qayta olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga $1850 olayotgan vaqtida u ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax va Samarqandda ikki advokat pora bilan ushlangan edi.