Jizzax va Samarqandda ikki advokat pora bilan ushlandi

Jizzax va Samarqand viloyatlarida ikki advokat pora bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyati Urgut tumanida faoliyat yurituvchi advokat Jizzax viloyatidagi manzil koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumning muddatini qisqartirib berishni va’da qilgan. U mansabdor tanishlari orqali masalani hal qilish evaziga mahkumning tanishidan $15 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida faoliyat yurituvchi yana bir advokat ham qo‘lga olindi. U jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudida ko‘rilayotgan ishda himoyachi sifatida qatnashib, mansabdor tanishlari orqali sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlanishiga yordam berishini aytgan. Buning evaziga sudlanuvchining o‘g‘lidan $2 ming talab qilgan.
DXX va prokuratura organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokat so‘ralgan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ushlangan.
Hozirda har ikki advokatga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Samarqand va Qashqadaryoda korrupsion holatlar fosh etilgani haqida yozgan edi.