«Kecha tanqid qilib, bugun olqishlayapti» — Qodirov terma jamoa haqidagi gaplariga izoh berdi

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov futbolchilar haqidagi tanqid va olqishlari borasidagi muhokamalarga munosabat bildirdi. Uning aytishicha, bu yerda qarama-qarshilik yo‘q, tanqid kamchiliklarni tuzatish, olqish esa futbolchilarning mehnatini e’tirof etish uchun aytilgan.
Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar, hazillar va pichinglarni kuzatayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim foydalanuvchilar «Qodirov fikridan qaytdi, kecha tanqid qilib bugun olqishlayapti» degan fikrlarni bildirmoqda.
Qodirov bunday munosabat jamiyat tirikligini va odamlar befarq emasligini ko‘rsatishini ta’kidladi.
«Tanqid bilan tahqir adashtirilmasligi kerak»
Qodirovning aytishicha, sog‘lom tanqid foydani saralash, soxtani haqiqiydan ajratish va xatolardan xulosa chiqarishga xizmat qilishi kerak. U tanqid bilan tahqir, ya’ni kamsitishni adashtirmaslik lozimligini aytdi.
Partiya raisiga ko‘ra, tanqidni tahqirga aylantirish kamchiliklarni yashirish, ulardan xulosa qilmaslik va xatoni takrorlashga olib keladi.
Alisher Qodirov futbolchilar haqida aytgan achchiq gaplari oliy hurmat talabi bo‘lganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tanqidning maqsadi kamchiliklarni ko‘rsatish va ularni foydaga aylantirishdan iborat bo‘lgan.
Qodirov olqishlar esa futbolchilarning matonati va mehnatiga berilgan adolatli e’tirof ekanini aytdi.
Qodirov tanqid va olqish bir-biriga zid emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, avval kamchiliklarni aytish, keyin esa mehnat va matonatni e’tirof etish tabiiy holat.
«Bu yerda hech qanday qarama-qarshilik yo‘q», — dedi u.
«Endi faqat mundial ishtirokchisi bo‘lishga rozi bo‘lolmaymiz»
Alisher Qodirov futbol bo‘yicha oldingi maqsadlar bilan cheklanib qolmaslik kerakligini aytdi. Uning fikricha, O‘zbekiston endi faqat jahon chempionatida ishtirok etish bilan kifoyalanmasligi, muvaffaqiyat va g‘alabalarga intilishi kerak.
Qodirov davlat rahbari tomonidan maktablararo, mahallalararo va tumanlararo futbol musobaqalari tashkil etilishi aytilganini eslatdi. Uning fikricha, bunday tizim orqali yuzlab va minglab yangi iqtidorlar saralab olinadi.
Qodirov O‘zbekiston futbolidagi holatni mag‘lubiyat sifatida emas, saboq sifatida baholadi.
«Biz mag‘lubiyatga uchramadik, yiqildik xolos, o‘rnimizdan turib maqsadga intilishimiz kerak», — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, haqiqiy mag‘lubiyat fikrlarni muhokama qilish o‘rniga ularni tushunmasdan tahqirlashdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qodirov futbol bo‘yicha milliy terma jamoani tanqid qilgandi. Uning ta’kidlashicha, futbolchilar har bir uchrashuvda nafaqat natija, balki mamlakat sha’ni va o‘z obro‘si uchun ham kurashishi kerak. Qodirov ayrim bahslarda raqiblar mutlaq ustun bo‘lmaganiga qaramay, terma jamoa safida yetarli darajada ishtiyoq va fidoyilik sezilmaganini qayd etdi.