Majburiy energiya auditini o‘tkazmagan 11 ta korxonaga chora ko‘rildi

2026-yilda majburiy energiya auditi o‘tkazilishini ta’minlamagan 11 ta korxona mutasaddilariga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi. Bu haqda «O‘zenergoinspeksiya» xabar berdi.
Davlat energetika reyestri ro‘yxatiga ko‘ra, joriy yilda 371 ta korxonada energiya auditi o‘tkazilishi belgilangan. Yil davomida korxonalardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilganda, faoliyati qisqargan yoki tugallangan 24 ta korxona aniqlangan.
Olib borilgan ishlar natijasida hozirda 259 ta iste’molchida audit ishlari boshlangan. Shundan 73 tasida energiya auditi to‘liq yakunlangan. Qolgan iste’molchilar tomonidan ham auditni o‘tkazish ishlari davom ettirilmoqda.
551 ta tejamkorlik chorasi tavsiya etilgan
Yakunlangan energiya auditlari natijasida yonilg‘i-energetika resurslarini tejashga qaratilgan 551 ta tashkiliy-texnik chora-tadbir tavsiya etilgan.
Ushbu tadbirlar bajarilishi natijasida 71 mln kVt/soat elektr energiyasi, 6,4 mln kub metr tabiiy gaz, 155 Gkal issiqlik energiyasi hamda 1 ming tonna neft mahsulotlarini iqtisod qilish kutilmoqda.
11 ta korxona mutasaddilariga ma’muriy jazo qo‘llandi
2026-yilda majburiy energiya auditini o‘tkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmagan 11 ta korxona mutasaddilariga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi.
Bundan tashqari, belgilangan muddatlarda energiya auditini o‘tkazmagan yoki audit natijasida ishlab chiqilgan energiyani tejash choralarini vaqtida bajarmagan 75 ta iste’molchiga iqtisodiy sanksiyalar qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan va Toshkent viloyatlarida 327 mln so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgani xabar qilingandi.