Mustaqillik shoh ko‘chasining bir qismi 13-iyulgacha yopildi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Mustaqillik shoh ko‘chasining ayrim qismida transport harakati vaqtincha cheklandi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, cheklov Mustaqillik shoh ko‘chasining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bilan kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan qismiga taalluqli. Ushbu yo‘nalishda harakat 2-iyul soat 01:00 dan 13-iyul soat 06:00 ga qadar yopiq bo‘ladi.
Yo‘lda ta’mirlash ishlari olib boriladi

Mazkur hududda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash hamda jamoat transporti uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Tirbandliklarning oldini olish va haydovchilarga noqulayliklarni kamaytirish uchun yo‘lning qarama-qarshi qatnov qismida vaziyatga qarab vaqti-vaqti bilan ikki tomonlama harakat tashkil etilishi mumkin.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi haydovchilardan yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi. Haydovchilarga aylanma yo‘llardan foydalanish va harakat yo‘nalishini oldindan rejalashtirish tavsiya qilindi.
Avvalroq «Kursiv» Termizga 15 ta zamonaviy avtobus olib kelingani haqida yozgan edi.