O‘zbekiston biznesi kiberxavfsizlik va «raqamli egizaklar»ga ko‘proq pul tikmoqda

O‘zbekistondagi kompaniyalar kiberxavfsizlik hamda «raqamli egizaklar» va ilg‘or modellashtirish texnologiyalariga investitsiyalarni oshirmoqda. KPMG Tech Report 2026 hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston bu yo‘nalishlarda Markaziy Osiyo va Kavkazdagi eng faol bozorlardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
KPMG Tech Report 2026 tadqiqoti Markaziy Osiyo va Kavkazdagi 70 dan ortiq kompaniya hamda dunyo bo‘yicha 2500 nafar texnologiya rahbarlari so‘rovi asosida tayyorlangan.
Hisobotda mintaqa biznesi texnologiyalarni ehtiyotkor sinovdan faol joriy etish bosqichiga o‘tayotgani qayd etilgan. Kompaniyalar yangi texnologiyalarni tezroq sinab ko‘rmoqda, lekin xavfsizlik va nazorat masalalarini ham muhim deb hisoblamoqda.
O‘zbekiston va Gruziyada kiberxavfsizlikka e’tibor kuchaygan
KPMG ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Kavkazda kompaniyalarning 63 foizi kiberxavfsizlik budjetini sezilarli darajada oshirgan. Dunyo bo‘yicha bu ko‘rsatkich 41 foizni tashkil qiladi.
Hisobotda kiberxavfsizlikka investitsiyalar eng faol oshayotgan mamlakatlar sifatida Gruziya va O‘zbekiston alohida qayd etilgan.
Mutaxassislar buni bir necha omillar bilan izohlaydi: geosiyosiy xatarlar, ta’minot zanjirlariga hujumlar, muhim tarmoqlarda raqamlashtirishning tezlashuvi, regulyatorlar va hamkorlar talablarining kuchayishi hamda avvaldan yig‘ilib qolgan texnik qarz.
Kiberxavfsizlik endi oddiy IT vazifa emas
Hisobotda ta’kidlanishicha, mintaqada kiberxavfsizlik tobora ko‘proq oddiy IT funksiyasi emas, balki biznes barqarorligi va bozordagi ishonch sharti sifatida ko‘rilmoqda.
Bu ayniqsa moliya, davlat xizmatlari, infratuzilma, sanoat va logistika kabi sohalar uchun muhim. Chunki raqamli tizimlar ko‘paygani sari ularga hujumlar, ma’lumotlar sizib chiqishi va operatsion uzilishlar xavfi ham ortadi.
«Raqamli egizaklar»ga qiziqish 100 foizga yetgan
KPMG hisobotida O‘zbekiston uchun eng e’tiborli yo‘nalishlardan biri «raqamli egizaklar» va ilg‘or modellashtirish texnologiyalari ekani aytiladi.
Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha kompaniyalarning 87 foizi ushbu yo‘nalishga budjetni oshirishni rejalashtirgan. O‘zbekistonda esa tadqiqotda qatnashgan kompaniyalarning barchasi, ya’ni 100 foizi bu yo‘nalishga investitsiyani oshirish niyatida. Dunyo bo‘yicha bu ko‘rsatkich 72 foizni tashkil qiladi.
«Raqamli egizak» bu real obyekt, ishlab chiqarish jarayoni yoki infratuzilmaning raqamli modeli. U yordamida korxonalar uskunalar holatini oldindan baholashi, nosozliklarning oldini olishi, ishlab chiqarish rejimini optimallashtirishi va xarajatlarni kamaytirishi mumkin.
Energetika, sanoat va logistika asosiy yo‘nalish bo‘lishi mumkin
KPMG ekspertlariga ko‘ra, O‘zbekistonda «raqamli egizaklar»ga qiziqishning yuqoriligi mamlakat iqtisodiyotida kapital talab qiladigan va infratuzilmaga bog‘liq tarmoqlar ulushi bilan izohlanadi.
Bunday texnologiyalar energetika, tog‘-kon sanoati, ishlab chiqarish va logistika uchun ayniqsa foydali bo‘lishi mumkin. Chunki bu sohalarda uskunalar to‘xtab qolishi, ishlab chiqarishdagi nosozlik yoki noto‘g‘ri rejalashtirish katta moliyaviy yo‘qotishlarga olib keladi.
Shu sababli «raqamli egizaklar» O‘zbekistonda shunchaki zamonaviy texnologiya emas, balki ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va xavflarni kamaytirish vositasi sifatida qaralmoqda.
Ma’lumotlar va sun’iy intellektga ham investitsiya oshmoqda
Hisobotda Markaziy Osiyo va Kavkaz kompaniyalari ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt avtomatlashtirishiga ham faol sarmoya kiritayotgani qayd etilgan.
Mintaqada kompaniyalarning 82 foizi ma’lumotlar va analitika bo‘yicha budjetlarni oshirmoqda. AI avtomatlashtirish yo‘nalishida esa bu ko‘rsatkich 81 foizni tashkil qiladi.
Bu biznesning raqamlashtirishga munosabati o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Kompaniyalar endi faqat «raqamli ko‘rinish» yaratish emas, balki ma’lumotlardan daromad olish, qaror qabul qilishni tezlashtirish va operatsion samaradorlikni oshirishga intilmoqda.
Mintaqa sun’iy intellektni tez joriy qilmoqda
KPMG hisobotida Markaziy Osiyo va Kavkaz sun’iy intellektni sanoat darajasida joriy etish bo‘yicha dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichidan oldinda ekani qayd etilgan.
Mintaqada kompaniyalarning 53 foizi AI yechimlarini amaliy jarayonlarda qo‘llab, o‘lchanadigan natijaga erishgan. Dunyo bo‘yicha bu ko‘rsatkich 24 foizni tashkil qiladi.
Biroq KPMG ekspertlari tez joriy etishning o‘zi yetarli emasligini ta’kidlaydi. AI loyihalarini kengaytirish uchun aniq strategiya, ma’lumotlar sifati, xavfsizlik talablari va natijalarni doimiy o‘lchash tizimi zarur.
Hisobotda mintaqa kompaniyalari oldida bir nechta xatarlar saqlanib qolayotgani aytiladi. Xususan, Markaziy Osiyo va Kavkazdagi kompaniyalarning yarmi IT loyihalar samaradorligini biznes maqsadlari bilan muntazam solishtirib bormaydi. Bu esa texnologiyalarga kiritilgan mablag‘ning real natijasini baholashni qiyinlashtiradi.
Shuningdek, kompaniyalarning yarmi AI yechimlarini keng miqyosda joriy etishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Texnik qarz xavfi kuchayishi mumkin
KPMG ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqa biznesi mavjud raqamli tizimlarni qo‘llab-quvvatlashga dunyo o‘rtachasidan kamroq mablag‘ ajratmoqda.
Markaziy Osiyo va Kavkaz kompaniyalari IT budjetining o‘rtacha 21 foizini mavjud tizimlarni saqlashga yo‘naltiradi. Dunyo bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 34 foiz atrofida.
Bu qisqa muddatda yangi loyihalarga ko‘proq pul ajratish imkonini beradi. Biroq uzoq muddatda eski tizimlar, murakkab integratsiyalar va texnik qarz to‘planishi xavfini oshiradi.
O‘zbekistonda bulutli xizmatlarga xarajatlar pasaygani ham qayd etildi
Hisobotda XaaS, ya’ni bulutli va xizmat sifatida taqdim etiladigan texnologiyalar bo‘yicha mintaqa ehtiyotkorroq harakat qilayotgani ham ko‘rsatilgan.
Ayniqsa Qirg‘iziston va O‘zbekistonda bulutli xizmatlarga xarajatlarni kamaytirgan kompaniyalar ulushi yuqori bo‘lgani qayd etilgan. KPMG buni ma’lumotlar suvereniteti, arxitektura yetukligi, migratsiya xarajatlari va yetarli kompetensiyalar mavjudligi kabi omillar bilan izohlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yosh tadbirkorlar soni 287 mingdan oshgani xabar qilingandi. O‘quv markazlari faoliyatini kengaytirish uchun yaratilgan sharoitlar tufayli xorijiy tillarni intensiv o‘rganayotgan yoshlar soni esa 3,5 mln nafarga yetdi.