Kutish vaqti 10 – 30 daqiqagacha: Raqobat qo‘mitasi qisqa raqamlarga ulanishdagi muammolarni o‘rgandi

Raqobat qo‘mitasi qisqa raqamlarga qo‘ng‘iroq qilishda ko‘p vaqt yo‘qotilishi, operator bilan ulanish qiyinligi va texnik uzilishlar bo‘yicha takliflarini Raqamli texnologiyalar vazirligiga yubordi.
Ayrim holatlarda kutish vaqti 10 – 30 daqiqagacha yetgan
Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlariga ko‘ra, mobil aloqa abonentlaridan eng ko‘p qo‘ng‘iroqlar elektr tarmoqlari, gaz, ichimlik suvi ta’minoti va boshqa muhim xizmatlar raqamlariga amalga oshirilgan.
Ayrim holatlarda operator bilan bog‘lanish uchun umumiy o‘rtacha kutish vaqti 10 – 30 daqiqagacha yetgani aniqlangan.
Kommunal soha bo‘yicha murojaatlar oshgan
Tahlillarga ko‘ra, kommunal soha bilan bog‘liq murojaatlarning 80 – 90 foizidan ortig‘i Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch raqami orqali qabul qilingan.
Bu yo‘nalishda murojaatlar soni keskin oshgan. Xususan, gaz ta’minoti bo‘yicha murojaatlar 4,5 barobar, maishiy chiqindi xizmatlari bo‘yicha 2,4 barobar, ichimlik suvi va qurilish xizmatlari bo‘yicha esa 1,2 barobarga ko‘paygan.
Aloqa markazlari faoliyatini tartibga solish taklif qilinmoqda
Qo‘mita o‘rganishlarida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning aloqa markazlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat yetarli emasligi qayd etilgan.
Bu fuqarolar va yuridik shaxslarning ishonch telefonlaridan to‘liq va samarali foydalanishiga xalaqit bermoqda. Natijada murojaatchilar ko‘p vaqt yo‘qotmoqda va muammolarini tez hal qila olmayapti.
Natijalarni ochiq e’lon qilish taklif etildi
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, ularning vaqtini tejash va qisqa raqamlarga bo‘lgan ishonchni oshirish maqsadida bir qator takliflar ishlab chiqdi.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-noyabrdagi 790-sonli qarorida belgilangan aloqa markazlari faoliyatini baholash tartibini aholiga xizmat ko‘rsatuvchi barcha tashkilotlarga tatbiq etish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, kamchiliklar uchun aniq javobgarlik belgilash va baholash natijalarini ochiq e’lon qilib borish taklif etilgan.
Qo‘mitaga ko‘ra, takliflar amaliyotga joriy etilsa, fuqarolarning ishonch telefonlari orqali murojaat qilish jarayoni tezroq va qulayroq bo‘ladi.
Bu ortiqcha vaqt sarfini kamaytirish hamda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga bo‘lgan ishonchni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MB murojaatlar bo‘yicha eng ko‘p shikoyat tushgan 10 ta bank ro‘yxatini e’lon qilgandi.