
Samsung Janubiy Koreyada Galaxy Jump 5 smartfonini taqdim etdi. Gizmochinaga ko‘ra, qurilma Jump lineykasidagi beshinchi model bo‘lib, KT operatori orqali sotuvga chiqariladi.
Smartfon 120 Gs AMOLED ekran oldi
Galaxy Jump 5 6,7 dyuymli Super AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekran Full HD+ aniqlikni va 120 Gs yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Smartfon Snapdragon 6 Gen 3 protsessorida ishlaydi. Unga 6 GB tezkor xotira va 128 GB ichki xotira o‘rnatilgan. Shuningdek, microSD xotira kartasi uchun qo‘llab-quvvatlash mavjud.
Asosiy kamera 50 MP
Qurilma uchta asosiy kameraga ega. Bosh kamera 50 MP bo‘lib, optik stabilizatsiyani qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan tashqari, smartfonda 5 MP ultra keng burchakli kamera va 2 MP chuqurlik sensori bor. Old kamera esa 12 MP.
Batareya sig‘imi 5000 mA/soat
Galaxy Jump 5 5000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. U 25 Vt quvvatda tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Smartfon Android 16 asosidagi One UI 8.5 interfeysida ishlaydi. Samsung qurilma uchun oltitagacha yirik operatsion tizim yangilanishini va’da qilmoqda.
Narxi $350
Galaxy Jump 5’da IP64 darajasidagi himoya, yon tomondagi barmoq izi skaneri, yuz orqali qulfdan chiqarish, 5G va stereo karnaylar ham mavjud.
Smartfon narxi $350 etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq One UI 9.0 arzon Samsung smartfonlarida ham sinovdan o‘tkazilayotgani xabar qilingandi.