FIFA «Bunyodkor» va «Andijon» futbol klublariga transfer taqiqini qo‘ydi — sabab qarzdorlik

FIFA moliyaviy majburiyatlar bajarilmagani sabab O‘zbekistonning «Bunyodkor» va «Andijon» futbol klublariga nisbatan yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha transfer taqiqini joriy etdi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi rasman xabardor qilindi.
Bunyodkor transfer taqiqiga uchradi
FIFA 23-iyun kuni «Bunyodkor» futbol klubiga nisbatan transfer taqiqini qo‘llash haqida qaror qabul qildi. Qarorga ko‘ra, «Bunyodkor» braziliyalik sobiq futbolchilari Rivaldoga 8,1 mln yevro va Denilsonga 1,1 mln yevro to‘lashi lozim. Klub avvalroq Rivaldo bilan ushbu mablag‘ni besh yil davomida bosqichma-bosqich to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishgan va 2024 hamda 2025-yillarda to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan.
Nima uchun FIFA taqiq qo‘ydi
2026-yilda klub ta’sischisi va bosh homiysi hisoblangan «O‘zbekneftgaz» AJ «Bunyodkor»ni moliyalashtirishni to‘xtatgani sabab may oyiga qadar amalga oshirilishi kerak bo‘lgan navbatdagi to‘lov bajarilmadi. Shundan so‘ng Rivaldo FIFAga qayta murojaat qildi.

Natijada «Bunyodkor» bilan tuzilgan besh yillik kelishuv shartlari va unda nazarda tutilgan chegirmalar bekor qilindi. Endilikda klub Rivaldo bilan hisob-kitob qilmaguniga qadar yangi futbolchilarni Liga ro‘yxatidan o‘tkaza olmaydi.
Ma’lumot uchun, Rivaldo 2008–2010-yillarda «Bunyodkor» safida to‘p surib, jamoa bilan uch marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Denilson esa 2010-yilda «Toshkent» klubi tarkibida mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan.
Qaysi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin
O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi 10-avgustga qadar davom etadi. Taqiq amal qilayotgan davrda «Bunyodkor» mavsumni mavjud tarkib bilan yakunlaydi. Shuningdek, taqiq kuchga kirgunga qadar «Bunyodkor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sifatida FIFA ro‘yxatida mavjud bo‘lgan yosh futbolchilarnigina keyinchalik qaydnomaga kiritishi mumkin. 2026-yil 23-iyundan keyin akademiyaga qabul qilingan futbolchilar esa klub safida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.
«Andijon» ham uch transfer oynasiga chetlatildi
FIFA «Andijon» futbol klubiga nisbatan ham transfer taqiqini qo‘lladi. Tashkilotning Assotsiatsiyaga yuborgan xatida klub Albaniyaning «Lachi» klubi oldidagi moliyaviy majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagani qayd etilgan.
FIFA qaroriga ko‘ra, «Andijon» «Lachi» klubi oldidagi majburiyatini 45 kun ichida bajarishi kerak edi. Biroq 10-iyun etib belgilangan muddatgacha to‘lov amalga oshirilmagani sabab klubga mazkur ish yakunlangunga qadar ketma-ket uchta transfer oynasi davomida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqi qo‘yildi.
Taqiq qachon bekor qilinadi
Endilikda «Andijon» Altin Kreziu transferi bo‘yicha yuzaga kelgan majburiyatlarni to‘liq bajarishi shart. Hisob-kitob yakunlangach, klub bu haqda FIFAni xabardor qiladi. «Lachi» klubi to‘lov amalga oshirilganini tasdiqlaganidan so‘ng FIFA transfer taqiqini bekor qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘FA FIFA chiptalarining qayta sotilishiga taqiq qo‘yish vakolati yo‘qligini ma’lum qilgan edi.