
HMD Global kompaniyasi Nokia brendi ostida sun’iy intellekt funksiyalariga ega to‘rtta yangi tugmali telefon modelini taqdim etdi. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.
Kompaniya Nokia 200 4G, Nokia 210 4G, Nokia 215 4G (2nd Edition) va Nokia 235 4G (2nd Edition) modellarini namoyish qildi. Yangi qurilmalarning asosiy yangiligi – Sikey AI platformasi asosida ishlovchi sun’iy intellekt yordamchisining joriy etilganidir.
Sun’iy intellektli alohida tugma
SI yordamchisi navigatsiya blokining markazida joylashgan maxsus tugma orqali faollashtiriladi. Foydalanuvchilar undan oddiy savollar berish hamda telefonning ayrim funksiyalarini ovozli buyruqlar yordamida boshqarish uchun foydalanishi mumkin.

HMD Global ma’lumotiga ko‘ra, sun’iy intellekt xizmatidan dastlabki 180 kun davomida bepul foydalanish mumkin. Shundan so‘ng xizmat pulli obuna asosida ishlaydi.
Videoqo‘ng‘iroq va afsonaviy «Iloncha» o‘yini
Yangi tugmali telefonlar Xpress Chat xizmati orqali videoqo‘ng‘iroqlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Buning uchun qurilmalarga VGA kamera o‘rnatilgan.
Nokia 210 4G va Nokia 215 4G 2,4 dyuymli QVGA ekran bilan jihozlangan bo‘lsa, Nokia 200 4G hamda Nokia 235 4G 2,8 dyuymli IPS displeyga ega. Asosiy kamera faqat Nokia 210 4G va Nokia 235 4G modellarida mavjud bo‘lib, Nokia 235 4G 2 megapikselli sensor bilan ta’minlangan.

4G, USB Type-C va FM radio
Barcha yangi modellar S30+ dasturiy platformasida ishlaydi. Ular 1450 mA/soat sig‘imli akkumulyator, 4G tarmog‘i, Bluetooth 5.0, USB Type-C orqali quvvatlash, 3,5 millimetrli quloqchin porti va FM radioga ega.
Shuningdek, Nokia telefonlarining ramziga aylangan mashhur «Iloncha» (Snake) o‘yini ham yangi qurilmalarda saqlab qolingan. Kompaniya hozircha telefonlarning narxini ma’lum qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilk bukiluvchi iPhone 2500 dollardan sotilishi kutilayotgani haqida yozgan edik.