O‘zbekiston Gruziyada elchixona ochadi

eʼlon qilindi
O‘tgan yili O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $270 mlnni tashkil etgan
O‘zbekiston Gruziyada elchixona ochadi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasining Gruziyadagi elchixonasini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze o‘rtasida tor doirada hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida o‘tgan muzokaralar yakunida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari uchrashuv avvalida O‘zbekiston prezidentining Gruziyaga yigirma yildan ortiq vaqtdan beri ilk bor amalga oshirilayotgan davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Muzokaralarda siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiya, transport-tranzit, turizm hamda madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar hukumatlar, parlamentlar, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi faol aloqalarni va madaniy almashinuvlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalari

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘tgan yili O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $270 mlnni tashkil qilgan. Joriy yil boshidan buyon esa bu ko‘rsatkich $100 mlndan oshgan. Yaqin yillarda savdo hajmini $1 mlrdga yetkazish, savdodagi nomutanosiblikni bartaraf etish hamda ikki mamlakatda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar yetkazib berilishini oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Transport-tranzit yo‘nalishida O‘zbekiston yuklarini tashishda Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan faol foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Gruziyada logistika xabi tashkil etish, uning tarkibida sanoat zonasi va O‘zbekiston mahsulotlari uchun shourum ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev «Boku — Tbilisi — Kars» temir yo‘li ishga tushirilganini olqishlab, uni qurilayotgan «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash imkoniyatini o‘rganishni taklif qildi.

Loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, joriy yilda O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim va turizm forumlarini o‘tkazish rejalashtirildi.

Prezident Gruziya tomoniga Tbilisidagi bog‘lardan biriga Alisher Navoiy nomini berish qarori uchun minnatdorlik bildirdi. Muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma «Yo‘l xaritasi» tayyorlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mirziyoyev Tbilisida Gruziya qahramonlari xotirasiga hurmat bajo keltirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek