O‘zbekistonda real ish haqi 9,5 foizga oshdi

eʼlon qilindi
I chorakda havo yo‘llari orqali tashilgan yo‘lovchilar soni 2,25 mln nafarga yetgan
O‘zbekistonda real ish haqi 9,5 foizga oshdi
Foto: Depositphotos

Markaziy bank sharhiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda real ish haqi 9,5 foizga oshdi. Shuningdek, nominal ish haqi 17,4 foizga ko‘tarilgan.

Ishchi kuchiga talab, asosan, xizmatlar, chakana savdo, umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish sohalarida yuqori bo‘lgan. Bu iqtisodiyotda iste’mol va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari mehnat bozoridagi asosiy drayverlardan biri bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.

2026-yilning I choragida faol rezyumelar soni 31,5 foizga oshib, 636 mingtaga yetgan. Mart oyida vakansiyalar soni 15,4 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,8 foizga oshdi. Markaziy bank buni mehnat bozorida raqobat kuchayayotgani bilan izohlamoqda. Ya’ni ish o‘rinlari ko‘paygani bilan birga, ish izlovchilar soni ham sezilarli darajada ortmoqda.

Bandlikning o‘sishi asosan xususiy sektor hisobiga ta’minlanmoqda. 2025-yilda xususiy sektorda bandlik 5,2 foizga oshgan. Eng yuqori o‘sish xizmatlar sohasida qayd etilgan. Bu xususiy biznesning ish o‘rinlari yaratishdagi roli ortib borayotganini anglatadi.

Ishsizlik darajasi esa pasayish tendensiyasini saqlab qolgan. 2025-yilning IV choragi yakunlariga ko‘ra, ishsizlik darajasi 4,8 foizni tashkil etgan.

Pul o‘tkazmalari

Joriy yilning I choragida O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqishi va umumiy harakatlanuvchanligi oshishda davom etdi. Markaziy bank sharhiga ko‘ra, yanvar–mart oylarida xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,63 mln nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,6 foizga ko‘p.

Aholi mobilligining oshishi havo transporti ko‘rsatkichlarida ham sezildi. I chorakda havo yo‘llari orqali tashilgan yo‘lovchilar soni 2,25 mln nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32 foizga yuqori bo‘ldi. Ya’ni mamlakatda tashqi safarlar va aviaqatnovlarga talab sezilarli darajada faollashgan.

Shu bilan birga, Rossiyada patent asosida ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari sonida pasayish qayd etildi. So‘nggi mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning I choragida Rossiyada patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirgan o‘zbekistonliklar soni 1,34 mln nafarni tashkil qildi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakka nisbatan 8,8 foizga, 2025-yilning mos davriga nisbatan esa 1,8 foizga kam. Markaziy bank buni mavsumiy omillar hamda tashqi mehnat bozori sharoitlaridagi o‘zgarishlar bilan izohlamoqda.

Avvalroq «Kursiv» ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar 7 foizga oshirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek