O‘zbekistonning tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi

2026-yilning I choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi qarzi $82,2 mlrdga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Regulyatorga ko‘ra, davlat tashqi qarzi $40,5 mlrdga, korporativ tashqi qarz esa $41,7 mlrdga teng bo‘ldi. Korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb etilgan tashqi qarzlar aks ettiriladi. Bunday qarzlar bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas, to‘lovlar xo‘jalik subyektlari va banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Hisobot davrida xalqaro zaxira aktivlarining xorijiy valyutadagi qismi $3,1 mlrdga kamaygan. Shu bilan birga, oltinning jahon bozoridagi narxi yuqori sur’atlarda o‘sgani hisobiga xalqaro zaxiralar qoldig‘i yil boshiga nisbatan qariyb $2,7 mlrdga ko‘paydi. Natijada 2026-yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari $69 mlrdni tashkil qildi.
To‘lov balansida aks etgan amaliyotlar va nooperatsiyaviy o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei ham mustahkamlangan. Ushbu ko‘rsatkich yil boshiga nisbatan 10 foizga oshib, 2026-yil 1-aprel holatiga $21,6 mlrdga yetdi.
Bunda rezidentlarning chet el valyutasidagi aktivlari hajmi yil boshiga nisbatan $2,6 mlrdga yoki 2 foizga, tashqi majburiyatlari esa $534 mlnga yoki 0,5 foizga ko‘paygan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda real ish haqi 9,5 foizga oshgani haqida yozgan edi.