«Quyoshli xonadon» ishtirokchilariga aprel-may oylari uchun subsidiya pullari tasdiqlandi

eʼlon qilindi
Joriy yilda ushbu to‘lovlardan 60 193 nafar jismoniy shaxs foydalanadi
Foto: Alibaba.com

«Quyoshli xonadon» dasturi doirasida quyosh panellarini o‘rnatib, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yagona elektr tarmog‘iga uzatgan fuqarolarga 2026-yilning aprel va may oylari uchun subsidiya tasdiqlandi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Joriy yilda ushbu to‘lovlardan 60 193 nafar jismoniy shaxs foydalanadi. Ular uchun davlat budjetidan jami 156 milliard 125 million so‘m ajratilgan.

Eng ko‘p subsidiya oladigan hududlar

Ajratilgan mablag‘larning asosiy qismi quyidagi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda:

  • Xorazm viloyati — 29,1 mlrd so‘m;
  • Buxoro viloyati — 27,1 mlrd so‘m;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 19,1 mlrd so‘m.

Mablag‘ni qanday olish mumkin

Fuqarolar subsidiya mablag‘larini «Soliq» mobil ilovasidagi «Keshbek va imtiyozlar» bo‘limining «Quyoshli xonadon» xizmati orqali bank kartasiga o‘tkazib olishlari mumkin.

Har bir kilovatt-soat uchun 1000 so‘m subsidiya beriladi

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-apreldan boshlab «Quyoshli xonadon» dasturi ishtirokchilariga quyosh panellari orqali ishlab chiqarilib, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratib kelinmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan paxta-to‘qimachilik klasterlariga gektariga 3 mln so‘m subsidiya ajratilishi haqida yozgandi.

Shuningdek