Toshkent viloyatida ekologiyaga zarar yetkazayotgan issiqxonalar demontaj qilinmoqda

Toshkent viloyatining ayrim hududlarida atmosfera havosini muhofaza qilish maqsadida sun’iy isitish tizimlaridan foydalanayotgan issiqxonalarni demontaj qilish ishlari boshlandi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Jarayon Qibray, Toshkent, Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlarida maxsus komissiya nazoratida amalga oshirilmoqda.
Unga ko‘ra, kuz-qish mavsumida ayrim issiqxonalarda ko‘mir, mazut, avtomobil shinalari va boshqa ekologiyaga zararli yoqilg‘i turlaridan foydalanilgani havoning ifloslanishiga sabab bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.
Issiqxonalarni Surxon-Agro EIZga ko‘chirish taklif qilinmoqda
Prezident va Hukumat qarorlariga muvofiq, faoliyatini Surxondaryo viloyatidagi Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chiradigan issiqxona egalari uchun qator imtiyozlar belgilangan.
Xususan, issiqxona xo‘jaliklariga ilgari ajratilgan kreditlarning qaytarish muddati 5 yilgacha, jumladan 3 yilgacha imtiyozli davr bilan uzaytiriladi. Shuningdek, avval berilgan davlat kafolatlari va foiz xarajatlarini qoplash bo‘yicha kompensatsiyalar ham saqlab qolinadi.
Ko‘chirish xarajatlarining bir qismi qoplanadi
2028-yil 1-aprelga qadar Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chiriladigan issiqxonalarni demontaj qilish, tashish va qayta o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismi davlat tomonidan qoplanadi. Buning uchun yer maydonining har bir sotixi hisobidan 500 ming so‘mgacha bir martalik subsidiya ajratilishi nazarda tutilgan.
Hozirda tadbirkorlarga yangi hududga ko‘chish tartibi, mavjud imtiyozlar va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shundan so‘ng issiqxonalarni sun’iy isitish tizimlaridan uzish va tegishli shartnomalarni bekor qilish jarayonlari bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va unga tutash hududlarda 1-oktabrdan yangi issiqxonalar qurilishi cheklanishi haqida yozgandi.