Trend pista brendi ishlab chiqaruvchisiga moliyaviy jarima qo‘llanildi

Raqobat qo‘mitasi Trend brendi ostida pista mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi «Oziq ovqat standart karton» MChJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘lladi. Bunga kompaniyaning reklama materiallarida qonun talablarini buzganligi sabab bo‘lgan.
Murojaat Mega brendi ishlab chiqaruvchisidan kelib tushgan
Tekshiruvga Mega brendi ostida pista mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonaning murojaati asos bo‘ldi. Unda Trend brendining ijtimoiy tarmoqlardagi reklama roliklarida o‘z mahsulotini Mega mahsulotidan ustun qilib ko‘rsatadigan, shuningdek raqobatchi brendning obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan tasvir va ifodalardan foydalanilgani qayd etilgan.
Qonunbuzarlik tasdiqlandi
Maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan ko‘rib chiqish yakunida Trend brendi reklamasida nomaqbul (noto‘g‘ri) reklama alomatlari mavjudligi e’tirof etildi.
Natijada korxonaga belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Blogerga nisbatan ham chora ko‘rilishi mumkin
Mazkur ish doirasida reklama materiallarini ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan bloger Abdurahmon Fazilovning harakatlariga ham huquqiy baho berilmoqda. Unga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, qonunchilikka muvofiq, Maxsus komissiya qaroridan norozi tomon Raqobat qo‘mitasining Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Raqobat qo‘mitasi TLS Contact va qator kompaniyalarni viza xizmatlarini ko‘rsatishda ustun muzokara ega deb topgani haqida yozgandi.