Zeekr 9X avtomobilining global versiyasi qanday dizaynga ega

3-iyul 2026 10:16 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Zeekr 9X avtomobilining global versiyasi qanday dizaynga ega
Foto: «Kitayskie avtomobili»

Zeekr kompaniyasining yangi Zeekr 9X avtomobilining global versiyasi sinovdan o‘tkazilayotganda tasvirga olindi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi versiyada 5,2 metrlik avtomobil saloni ikki old va uch orqa o‘rindiqli konfiguratsiyaga o‘tkaziladi. Bunda uchinchi qator o‘rindiqlari olib tashlanib, orqa qismda kattaroq yuk bo‘limi hosil qilinadi. Old panel, raqamli ekranlar va rul boshqaruv elementlari esa o‘zgarishsiz qoladi.

Foto: Han Lu

Zeekr 9X standart versiyada 2 litrli turbo dvigatelga ega gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlangan. Tizim umumiy hisobda 1381 ot kuchi va 1410 Nm aylanish momentini taqdim etadi. Model CATL’ning 55,1 kVt/soat yoki 70 kVt/soat sig‘imli Freevoy akkumulyatorlari bilan taklif qilinadi.

Katta batareyali versiyada elektromobilda yurish zaxirasi CLTC sikli bo‘yicha 380 kilometrga yetadi. 900 voltli platforma va 6C tezkor quvvatlash texnologiyasi yordamida batareyani 20 foizdan 80 foizgacha 9 daqiqada quvvatlash mumkin.

Model o‘lchami

Foto: Han Lu

Avtomobilning uzunligi 5239 mm, eni 2029 mm, balandligi 1819 mm, g‘ildirak bazasi esa 3169 mmni tashkil etadi. Besh o‘rinli versiya uch qatorli standart konfiguratsiyaga muqobil sifatida ishlab chiqilishi mumkin. Uchinchi qatorning olib tashlanishi avtomobil vaznini kamaytirishi va kundalik foydalanishda yukxona imkoniyatlarini oshirishi kutilmoqda.

Zeekr 9X Xitoyda 500 ming yuan atrofidagi premium SUV segmentiga yo‘naltirilgan. Modelning mahalliy savdosi 2025-yil sentabrida 686 donadan boshlanib, dekabrda 9482 donaga yetgan. 2026-yil mart oyida esa savdo hajmi 10 060 donagacha oshgan. May oyida 9058 ta avtomobil sotilib, model Zeekr brendi savdosida 32,8 foiz ulushni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Zeekr 9X avtomobili haqida yozgan edi.

Shuningdek