
AQShning Mayami shahrida Jahon chempionati 1/16 final bosqichidan o‘rin olgan Argentina va Kabo-Verde o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Kutilmaganda Kabo-Verdening jiddiy qarshiligiga uchragan janubiy amaerikaliklar yakunda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Bahsning dastlabki taymi to‘liq janubiy amerikaliklar ustunligi ostida o‘tdi. Argentinaning hujumlari 29-daqiqada o‘z natijasini berdi. Lisandro Martinez uzoq masofaga to‘pni uzatib berdi. Jamoa sardori Leo Messi to‘pni bitta harakat bilan to‘xtatib, darvozaga joylab qo‘ydi.

Bu argentinalik hujumchi uchun ushbu Jahon chempionatidagi 7-goli bo‘ldi. Shuningdek, Leo Messi umumiy Jahon chempionatlarida 20-golini kiritdi. Ikkinchi taymning 59-daqiqasida kutilmaganda Kabo-Verde hisobni tenglashtirdi. Mendeshning uzatmasini Deroy Duarte golga aylantirdi.

Uchrashuvning asosiy vaqtida hisob o‘zgarmagach, bosh hakam jamoalarni ekstra taymlarga taklif qildi. 92-daqiqada burchak to‘pidan keyin yuzaga kelgan tala-to‘pdan foydalangan Lisandro Martinez aniq zarba bilan gol kiritdi.

Argentina nimchorak final yo‘llanmasini hal qilgandek ko‘rinayotgan bir paytda, Kabo-Verde hisobni yana tenglashtirdi. 103-daqiqada Sidni Kabral super zarbasi bilan chiroyli gol kiritdi. Emiliano Martinez zarba oldida ojiz qoldi.

111-daqiqada Lionel Messi burchakdan uzatgan to‘pni Kristian Romero boshi bilan darvozaga yo‘lladi va Argentinani yana oldinga olib chiqdi.
Ma’lumot uchun, Argentina Jahon chempionatining nimchorak finalida Misr terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Misrliklar pley-off bosqichida Avstraliyani penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratgan edi.