Mirziyoyev AQSh Mustaqillik kuni munosabati bilan Trampni qutladi

eʼlon qilindi
Ushbu sananing 250 yilligi munosabati bilan tabrikladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampga mamlakat milliy bayrami — Mustaqillik kuni hamda ushbu sananing 250 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

Davlat rahbari o‘z maktubida Amerika xalqiga O‘zbekiston xalqi nomidan samimiy tabrik va ezgu tilaklarini bildirgan.

«Sizning dadil va shijoatli rahbarligingiz ostida AQSh iqtisodiy qudrati va ta’sirini yanada oshirib, global taraqqiyot hamda xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda», — deyiladi tabrikda.

Mirziyoyev O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlar asosida yangi mazmun bilan boyib borayotganini ta’kidladi.

Maktubda o‘zaro savdo hajmini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, muhim mineral resurslar va innovatsion kooperatsiya yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Shuningdek, xavfsizlik sohasidagi muloqot va amaliy sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdorlik bildirildi. Noqonuniy migratsiya, terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik va narkotik vositalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda birgalikdagi sa’y-harakatlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Prezident mintaqaviy va global formatlar, jumladan, «C5+1» platformasi, BMT va boshqa xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev joriy yil dekabr oyida Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan «Katta yigirmalik» sammiti doirasida Donald Tramp bilan uchrashuvni katta qiziqish bilan kutayotganini ham ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev Trampni tavallud kuni bilan tabriklagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek