Venesueladagi zilzila qurbonlari soni 2,5 mingdan oshdi

eʼlon qilindi
Minglab odamlar hamon bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida qolmoqda
Foto: The Associated Press

Venesuelada 24-iyun kuni sodir boʻlgan kuchli zilzilalar oqibatida halok boʻlganlar soni 2,5 mingdan oshdi. Minglab odamlar hamon bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida qolmoqda. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.

Mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges hukumatning tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha harakatlari yuzasidan bildirilgan tanqidlarni rad etdi. Uning aytishicha, qutqaruv ishlari zilziladan keyin darhol boshlangan.

«Biz bir kun ham, ikki kun ham, uch kun ham kutganimiz yoʻq. Barcha kuchlarni zudlik bilan ishga soldik», — dedi Rodriges.

Venesuelada magnitudasi 7,2 va 7,5 boʻlgan ikkita kuchli zilzila yuz bergan. Tabiiy ofat, ayniqsa, La-Guayra shtati va Karakasga katta talafot yetkazgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, qariyb 200 ta bino vayron boʻlgan, biroq sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari zarar koʻlami bundan ham keng boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

Rasmiy maʼlumotlarda qurbonlar soni avval 2 295 nafar deb koʻrsatilgan edi. Ayrim qutqaruv guruhlari esa bu raqam 2,6 mingga yaqinlashganini bildirgan. Muxolifat manbalariga koʻra, 38 mingdan ortiq odam bedarak yoʻqolgani haqida arizalar kelib tushgan.

Qidiruv-qutqaruv ishlari toʻqqizinchi kuniga kelib deyarli yakunlanmoqda. 27 davlatdan kelgan mutaxassislar vayronalar ostida omon qolganlarni izlashda ishtirok etdi. Soʻnggi tekshiruvlarda tiriklik alomatlari aniqlanmagach, asosiy eʼtibor halok boʻlganlarning jasadlarini olib chiqishga qaratildi.

Qurbonlar sonining koʻpligi sabab oʻlikxonalarda joy yetishmayapti. La-Guayrada 200 dan ortiq jasad avval shifoxona avtoturargohida saqlangani, keyinchalik ular port hududida tashkil etilgan vaqtinchalik morgga koʻchirilgani aytilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Venesuelada zilzila qurbonlari 2300 nafarga yaqinlashgani haqida xabar bergan edi

Shuningdek