Surxondaryo va Qashqadaryodagi energetika rahbarlari to‘liq attestatsiyadan o‘tkaziladi

Energetika vazirligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda sohada korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish bo‘yicha qat’iy choralar belgilandi. Bu haqda vazirlikning kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Unda Prezident Administratsiyasi, Bosh prokuratura, tegishli vazirlik va idoralar, energetika tizimi korxonalari hamda mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirok etdi.
Korrupsiyaga nisbatan murosasiz yondashuv
Yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri korrupsiyaga qarshi kurash bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, korrupsiya jinoyati uchun sudlangan barcha xodimlar energetika tizimidan bo‘shatiladi.
Shuningdek, sohadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bilan shug‘ullanuvchi maxsus Kengash tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi energetika korxonalari rahbarlari to‘liq attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Yozgi yuklamaga tayyorgarlik kuchaytiriladi
Yig‘ilishda jazirama kunlarda elektr energiyasiga talab keskin ortishi qayd etildi. Shu sababli elektr tarmoqlari va podstansiyalarni uzluksiz ishlashini ta’minlash, avariyalarning oldini olish hamda tezkor brigadalarni doimiy shay holatda ushlab turish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Toshkentdagi elektr uzilishlari o‘rganiladi
Poytaxtda yaqinda kuzatilgan elektr ta’minotidagi avariyalar yuzasidan maxsus komissiya ish boshlagani ma’lum qilindi.
Komissiya elektr uzilishlarining sabablarini, uskunalarning texnik holatini, rekonstruksiya ishlari sifatini hamda avariyaga qarshi himoya tizimlarining samaradorligini o‘rganadi.
Energiya tejamkorligi va qarzdorliklar tanqid qilindi
Yig‘ilishda elektr energiyasi va tabiiy gazdan samarali foydalanish masalalari ham muhokama qilindi. Ayrim yirik korxonalarda energiya resurslaridan samarasiz foydalanilayotgani tanqid qilinib, mas’ullarga energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va eskirgan uskunalarni yangilash vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, debitor va kreditor qarzdorliklarni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar ijrosi sust ekani qayd etilib, mas’ul rahbarlar qat’iy ogohlantirildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boshlandi
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Elektr va gaz infratuzilmasini ta’mirlash, avariyaviy zaxiralarni yaratish hamda aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Dang‘ara tumanida elektr tarmoqlari xodimlari fuqaroni 16 million so‘mga tushirgani haqida yozgandi.