Texnikum bitiruvchilarini OTMning 2-bosqichiga suhbat asosida qabul qilish boshlandi

5-iyuldan texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishlariga 2-bosqichdan o‘qishga qabul qilish uchun arizalar qabul qilina boshladi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.
Nomzodlar hujjatlarini 25-iyulga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali onlayn topshirishlari mumkin. Ariza berishda diplomning asl nusxasini taqdim qilish talab etilmaydi – shaxsni tasdiqlovchi ma’lumotlar kiritilgach, qolgan zarur ma’lumotlar tizim tomonidan avtomatik shakllantiriladi.
Kimlar hujjat topshirishi mumkin
Suhbat asosida qabulda texnikumni yuqori natijalar bilan tamomlagan bitiruvchilar qatnashishi mumkin. Buning uchun o‘qish davomidagi baholar, asosan, «4» va «5» bo‘lishi, ularning kamida 50 foizi «5» (tibbiyot yo‘nalishlarida esa 85 foizi)ni tashkil qilishi lozim.
Talabalikka tavsiya etish tartibi
Suhbat yakunida komissiya a’zolari bergan ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 67 ball yoki undan yuqori bo‘lgan abituriyentlar suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi va to‘lov-kontrakt asosida 2-bosqichga o‘qishga tavsiya etiladi.
Mazkur tartib oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari, Toshkent davlat yuridik universiteti, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalari hamda ularning filiallariga tatbiq qilinmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oliy ta’limda qator yangi yoʻnalish va mutaxassisliklar joriy etilgani haqida yozgandi.