1991-yilgacha qurilgan barcha uylar buziladimi — qonun nima deydi

1991-yilgacha qurilgan barcha uylar majburiy ravishda buzilishi haqidagi da’volar qanchalik rost? Adliya vazirligi ushbu savollarga qonun doirasida javob berdi.
Vazirlikka ko‘ra, bunday xabarlar amaldagi qonunchilikka mos kelmaydi. Qonunchilikda «1991-yilgacha qurilgan barcha uylar buziladi» degan umumiy qoida belgilanmagan. Renovatsiya ishlari faqat tegishli huquqiy asos va belgilangan tartib mavjud bo‘lgan taqdirdagina amalga oshiriladi.
Qonunga ko‘ra, renovatsiya uchun asosiy mezonlar sifatida obyektning eskirgani, yashash yoki foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgani yoxud avariya holatida ekani e’tiborga olinadi. Shuningdek, hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar mavjud bo‘lsa ham renovatsiya amalga oshirilishi mumkin. Bunda aholining salomatligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan omillarni bartaraf etish renovatsiyaning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, renovatsiya dasturlari «Shaharsozlik renovatsiyasi» elektron platformasida, ommaviy axborot vositalarida hamda rasmiy veb-saytlarda e’lon qilinadi. Bu esa jamoatchilikni amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan renovatsiya loyihalari haqida oldindan xabardor qilishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Talabalar turarjoylarini qurish va moliyalashtirish tartibi yangilangani haqida yozgan edik.