Adabiyot muzeyi uchun Yangi Toshkent shahrida bino qurilmoqda

eʼlon qilindi
Nodir manbalar yangi bino ishga tushgunga qadar maxsus joylarda saqlanadi
Foto: uzbekistan travel

Adabiyot muzeyi uchun Yangi Toshkent shahrida bino qurilmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi faoliyati yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, muzey faoliyati tugatilmayapti, bino kapital ta’mir uchun vaqtincha yopilgan, nodir manbalar esa yangi bino ishga tushgunga qadar maxsus joylarda saqlanadi.

Muzey yangi binoda ish boshlashi aytildi

Fanlar akademiyasi Axborot xizmatiga ko‘ra, muzeyda olib borilayotgan ishlar uning faoliyatini to‘xtatish yoki madaniy merosga zarar yetkazishga qaratilmagan.

Aksincha, noyob qo‘lyozmalar, arxiv materiallari va boshqa muzey boyliklarini ishonchli sharoitda saqlash, ularni raqamlashtirish va kelajak avlodlarga yetkazish maqsad qilingan.

Muzey uchun Yangi Toshkent shahrida yangi bino qurilayotgani ma’lum qilindi. Ushbu bino ishga tushgach, Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi yangi joyda faoliyatini davom ettiradi.

Eksponatlar vaqtincha boshqa joylarga ko‘chirilmoqda

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-maydagi farmoyishi asosida muzey fondidagi qo‘lyozma va toshbosma manbalar, shuningdek, «O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi» fondi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga vaqtincha ko‘chirilmoqda.

Muzeyning boshqa eksponatlari esa Fanlar akademiyasining Antropologiya institutiga vaqtinchalik saqlash uchun o‘tkazilmoqda.

Fanlar akademiyasi bu ishlar yangi muzey binosi foydalanishga topshirilgunga qadar madaniy merosning butligi va xavfsizligini ta’minlash uchun qilinayotganini bildirdi.

847 ta nodir qo‘lyozma ko‘chirildi

Ma’lumotga ko‘ra, 2026-yil 9-iyun kuni muzeyda saqlanayotgan 847 ta nodir qo‘lyozma manba O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonalariga joylashtirilgan.

Hozirda qo‘lyozmalarni vaqtincha saqlash va muhofaza qilish bo‘yicha zarur hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Shuningdek, 1 491 ta toshbosma manba, 439 ta papkadagi foto-nusxalar, 145 ta papkadagi plyonka va negativlar hamda 1 416 512 ta hujjatni o‘z ichiga olgan «O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxivi» fondi birlamchi xatlovdan o‘tkazilgan.

Muzey vaqtincha tomoshabinlar uchun yopilgan

Fanlar akademiyasi muzey hozircha tomoshabinlar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopilganini ma’lum qildi.

Biroq muassasa xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarishda davom etmoqda. Muzey eksponatlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari ham davom etyapti.

Muzey rahbari ham izoh berdi

Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyi rahbari Jabbor Eshonqul ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida holatga izoh berdi. Uning aytishicha, muzey binosi 1934-yilda qurilgan va 1968-yildan beri kapital ta’mir ko‘rmagan.

«Hozir kapital ta’mirlash uchun muzey binosi vaqtinchalik yopildi. Yana takror aytaman, vaqtincha kapital ta’mirlash uchun yopildi», — deb yozdi u.

Eshonqul muzeydagi eksponatlar va bino taqdiri mutaxassislar nazoratida ekanini, ortiqcha xavotirga asos yo‘qligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yozuvchi Shukur Jabbor Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llab, Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi yopilgani va uning eksponatlari xavf ostida qolganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek