Andijonda qariyb 40 milliard so‘mlik keshbek noqonuniy «uxlatildi»

Andijon viloyatida davlat budjeti mablag‘larini keshbek tizimi orqali noqonuniy o‘zlashtirish bilan bog‘liq yirik holat aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Unga ko‘ra, gumonlanuvchilar qalbaki savdo hujjatlari yordamida 38,3 milliard so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan.
2,2 trillion so‘mlik soxta savdolar rasmiylashtirilgan
Tergovga ko‘ra, bir guruh shaxslar o‘zaro til biriktirib, 5 ta korxona nomidan 2,2 trillion so‘mlik soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan. Keyinchalik nazorat-kassa texnikalari orqali mahsulotlar sotilgani ko‘rsatilib, xarid cheklari shakllantirilgan.
95 mingga yaqin fuqaro nomidan keshbek rasmiylashtirilgan
Mazkur sxema orqali 94 ming 921 nafar fuqaro, jumladan, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslar nomiga Soliq mobil ilovasi orqali keshbek mablag‘lari hisoblangan. Natijada davlat byudjetiga tegishli 38,3 milliard so‘m mablag‘ noqonuniy ravishda o‘zlashtirilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda qalbaki hujjatlar tayyorlash va ulardan foydalanish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiyda 34,8 mlrd so‘mlik keshbek noqonuniy o‘zlashtirilgani aniqlangani haqida yozgandi.