
Apple’ning kutilayotgan buklanadigan iPhone’i, ya’ni iPhone Ultra yoki iPhone 18 Ultra, 2026-yilgi boshqa iPhone modellaridan kechroq sotuvga chiqishi mumkin. Tahlilchi Ming-Chi Kuo ma’lumotlariga ko‘ra, qurilma cheklangan miqdorda ishlab chiqariladi.
Ishlab chiqarish hajmi kam bo‘lishi kutilmoqda

Kuo ma’lumotlariga ko‘ra, Apple 2026-yilning ikkinchi yarmida 7–8 mln dona buklanadigan iPhone ishlab chiqarishi mumkin.
Uchinchi chorakda esa yig‘iladigan qurilmalar soni atigi 0,5–1 mln dona atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu yarim yillik umumiy yetkazib berish hajmining taxminan 10 foiziga teng.
Taqqoslash uchun, shu davrda iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max ishlab chiqarish hajmi 20–22 mln dona bo‘lishi mumkin.
Savdo to‘rtinchi chorakda boshlanishi mumkin
Ishlab chiqarish hajmi cheklangani sababli buklanadigan iPhone savdosi boshqa modellardan kechroq boshlanishi ehtimoli bor.
Tahlilchiga ko‘ra, Apple qurilmani yangi iPhone lineykasi bilan birga taqdim etishi mumkin, biroq sotuvlar faqat 2026-yilning to‘rtinchi choragida boshlanishi kutilmoqda.
Bu holat 2017-yildagi iPhone X ssenariysiga o‘xshashi mumkin. O‘shanda Apple iPhone X’ni iPhone 8 bilan birga taqdim etgan, ammo ishlab chiqarishdagi qiyinchiliklar sabab oldindan buyurtma va savdo kechroq boshlangan edi.
Narxi $2300–2500 atrofida bo‘lishi mumkin

Ming-Chi Kuo buklanadigan iPhone narxi taxminan $2300–2500 bo‘lishini kutmoqda.
Shunga qaramay, tahlilchi qurilmaga talab yuqori bo‘lishini prognoz qilmoqda. Oldindan buyurtmalar ochilgach, dastlabki partiyalar tezda sotilib ketishi mumkin.
Yetkazib berish muddati cho‘zilishi ehtimoli bor
Kuo fikricha, talab yuqori va taklif cheklangan bo‘lsa, yetkazib berish muddati tezda 4–6 hafta yoki undan ham ko‘proqqa cho‘zilishi mumkin.
Bunday holatda ilk qurilmalar ikkilamchi bozorda rasmiy narxidan 50–100 foiz qimmatroq sotilishi ham ehtimoldan xoli emas.
Haqiqiy talab 2027-yil boshida bilinadi
Tahlilchining fikricha, buklanadigan iPhone’ga real talabni 2026-yil oxiri yoki 2027-yilning birinchi choragida baholash mumkin bo‘ladi.
Chunki aynan shu davrga kelib dastlabki shov-shuv pasayadi va ishlab chiqarish jarayoni barqarorlashadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iPhone 18 Pro Max Apple tarixidagi eng katta akkumulyatorga ega bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi.