Davlat auditida sun’iy intellektdan foydalaniladi

Prezidentning «Davlat auditi faoliyatida sun’iy intellekt va raqamlashtirishni yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, 2027-yildan Hisob palatasining davlat tashqi auditi faoliyatida yangi raqamli mexanizmlar joriy etiladi.
Sun’iy intellekt tizimlari auditi yo‘lga qo‘yiladi
Farmonga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida joriy etilayotgan sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish samaradorligi baholanadi.
Buning uchun sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash auditi joriy etiladi. Ya’ni davlat tashkilotlarida SI texnologiyalari qanchalik samarali ishlayotgani tekshiriladi.
Masofaviy tashqi audit ham o‘tkaziladi
2027-yildan Hisob palatasi masofaviy tashqi audit o‘tkazishi ham mumkin bo‘ladi.
Bunda Hisob palatasi so‘roviga ko‘ra taqdim etilgan ma’lumotlar va hujjatlar, raqamli texnologiyalar, elektron hujjat almashinuvi hamda axborot tizimlariga masofaviy kirish imkoniyatlari asosida audit amalga oshiriladi.
Axborot texnologiyalari auditi joriy qilinadi
Davlat organlari va tashkilotlarida moliyaviy, muvofiqlik hamda samaradorlik auditi yo‘nalishlarida axborot texnologiyalari auditi o‘tkaziladi.
Bu jarayon xavf va risk tahlillariga asoslangan holda amalga oshiriladi. Hisob palatasi ushbu yo‘nalishda mas’ul vakolatli organ etib belgilanadi.
Muvofiqlik auditi ham SI yordamida o‘tkaziladi
2028-yil 1-sentabrdan muvofiqlik auditini sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirish joriy etiladi.
Bu davlat auditi jarayonida raqamlashtirishni kuchaytirish, ma’lumotlarni tezroq tahlil qilish va nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq majburiy energiya auditini o‘tkazmagan 11 ta korxonaga chora ko‘rilgandi. Davlat energetika reyestri ro‘yxatiga ko‘ra, joriy yilda 371 ta korxonada energiya auditi o‘tkazilishi belgilangan.