Gaz ta’minoti tizimida 441 ta korrupsion holatning oldi olindi — vazirlik sarhisobi

2025-yil va 2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, gaz ta’minoti sohasida 31 mingdan ortiq tekshiruv o‘tkazilib, yuzlab korrupsion huquqbuzarliklar aniqlandi. Energetika vazirligi mazkur davrda tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan qilingan ishlarni sarhisob qildi.
Mazkur davrda texnik shartlarni rasmiylashtirish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilib, ularni onlayn nazorat qilish tizimi ishga tushirildi. Shuningdek, texnik shartlarni inson omilisiz rasmiylashtirish uchun sun’iy intellekt asosidagi tizim joriy etildi.
To‘liq onlayn shakldagi gaz xizmatlari
Gaz ta’minoti bo‘yicha hisob-raqam ochish va ariza topshirish xizmatlari to‘liq onlayn shaklga o‘tkazildi. Suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha ham hisob-raqam ochish va ariza topshirish jarayonlari raqamlashtirildi.
Bundan tashqari, gazlashtirish jarayonlarida firibgarlikning oldini olishga qaratilgan axborot-targ‘ibot ishlari kuchaytirildi.
Raqamlashtirilgan nazorat jarayonlari
Qoidabuzarliklarni rasmiylashtirish jarayonlari raqamlashtirilib, qog‘oz hujjat aylanishidan voz kechildi. Nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish maqsadida xodimlarni bodi-kameralar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, eski gaz hisoblagichlarini almashtirish jarayonlarini foto va video orqali nazorat qilish tizimi joriy etildi.
Face ID texnologiyasi
Suyultirilgan gaz ballonlarini tarqatishda Face ID texnologiyasi joriy etildi. Ushbu yechim gaz ta’minoti jarayonlarining shaffofligini oshirish va korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
31 mingdan ortiq tekshiruv
Gaz ta’minoti korxonalarida korrupsiyaga qarshi talab va tartiblarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida komplayns tuzilmalari tomonidan jami 31 134 ta rejadan tashqari tekshiruv va monitoring tadbiri o‘tkazildi. Shundan 17 824 tasi 2025-yilda, 13 310 tasi esa 2026-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan.
Mazkur tekshiruvlar davomida gaz ta’minoti bo‘limlari xodimlari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan 441 ta korrupsion huquqbuzarlik aniqlanib, ularning oldi olindi. Shundan 174 tasi tabiiy gaz, 268 tasi suyultirilgan gaz ta’minoti yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi.
Minglab qoidabuzarliklar
Hisobot davrida tabiiy gaz ta’minoti yo‘nalishida 10 484 ta, suyultirilgan gaz ta’minoti yo‘nalishida esa 1 076 ta turli qoidabuzarlik holati aniqlandi. Ushbu holatlar yuzasidan 824 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazildi va 611 ta xizmat tekshiruviga oid hujjat huquqiy baho berish uchun vakolatli organlarga yuborildi.
Natijada 253 nafar xodimga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi. Ularning 127 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 212 nafariga hayfsan, 41 nafariga esa jarima intizomiy jazosi qo‘llandi.
Bundan tashqari, tovar-moddiy boyliklar va yoqilg‘i mahsulotlarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq 47 ta holatda 7,7 mlrd so‘mdan ortiq zarar aniqlandi. Shuningdek, 10 484 ta holatda qiymati 1,4 trln so‘mdan ortiq bo‘lgan 546 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz ta’minoti yaxshilanishi haqida yozgan edik.