
Jahon chempionatining 1/8 final bosqichida Norvegiya terma jamoasi Braziliya ustidan 2:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Uchrashuv qahramoni Erling Holand o‘yin oxirida dubl qayd etib, jamoasini chorak finalga olib chiqdi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq har ikki jamoa ehtiyotkor o‘yin namoyish etdi. Braziliyaliklar ko‘proq to‘p nazoratiga ega bo‘lishgan bo‘lsa-da, Norvegiya himoyachilari raqib hujumchilariga bo‘sh hududlar qoldirishmadi.

O‘yinning 14-daqiqada Braziliya terma jamoasi a’zosi Bruno Gimaraes penalti tepish huquqini qo‘lga kiritdi. Biroq, braziliyalik yarim himoyachining zarbasini norvegiyaliklar posboni bartaraf etdi.

Ikkinchi taymning 79-daqiqasida yevropaliklar kutilmaganda oldinga chiqib oldi. Sheldrup qanotdan yorib kirib jarima maydonchasiga to‘p uzatdi. Ikkinchi qavatda Gabrielni yengib chiqqan Erling Holand boshi bilan zarba berib, hisobni ochdi.
Oradan 11 daqiqa o‘tib norvegiyalik hujumchi dublni rasmiylashtirdi. Bu safar ham Andreas Sheldrup asisst muallifi bo‘ldi. Erling Holand jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi — 0:2.

Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda Neymar penaltidan gol kiritib, hisobni qisqartirdi. Ma’lumot uchun, Norvegiya chorak final bosqichida Meksika va Angliya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
Avvalroq Kursiv nashri Kilian Mbappening goli Fransiyani chorak finalga olib chiqqani haqida xabar bergan edi.