
O‘zbekistonlik FIFA hakami Ilgiz Tantashev 2026-yilgi Jahon chempionatining qolgan o‘yinlariga tayinlanmasligi mumkin. Fransiyaning RMC Sport nashri xabariga ko‘ra, bu qaror Paragvay va Fransiya o‘rtasidagi bahsli 1/8 final uchrashuvidan so‘ng qabul qilingan.
Mazkur o‘yindagi hakamlik bir qator muhokamalarga sabab bo‘lgan. Xorijiy ommaviy axborot vositalari Tantashevning ayrim qarorlarini tanqid qilgan. Shunga qaramay, nashr ma’lumotiga ko‘ra, FIFA o‘zbekistonlik hakamga nisbatan rasmiy intizomiy chora ko‘rmaydi.
RMC Sport’ning yozishicha, Tantashev turnirning keyingi uchrashuvlariga tayinlanmaydi va bu uning Jahon chempionatidagi faoliyati yakunlanganini anglatadi. Biroq FIFA hozircha ushbu masala yuzasidan rasmiy bayonot bermagan.
Shu bois Tantashevning qolgan o‘yinlarda ishlamasligi haqidagi ma’lumot hozircha faqat RMC Sport xabariga asoslanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tantashev Paragvay — Fransiya o‘yinini boshqargani haqida yozgan edi.