Namangan va yana 4 hududda giyohvandlik vositalari fosh etildi

eʼlon qilindi
Hozirda barcha holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda
Namangan va yana 4 hududda giyohvandlik fosh etildi
Foto: DXX

O‘zbekistonning besh hududida giyohvandlik vositalari va kannabis o‘simliklarini noqonuniy saqlash hamda yetishtirish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.

Namanganda marixuana va kannabis aniqlandi

Namangan viloyatining Norin tumanida 1961-yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u 1 kg 595 gr marixuanani kelgusida sotish maqsadida saqlab kelgani ma’lum bo‘ldi. Giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, Chortoq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1973-yilda tug‘ilgan shaxs o‘ziga tegishli qo‘shimcha tomorqada 839 tup kannabis o‘simligini ekib, parvarishlab kelgani aniqlandi.

Foto: DXX

Samarqandda geroin musodara qilindi

Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi 1995-yilda tug‘ilgan shaxs Toyloq tumani hududida avtomashinada harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruv davomida undan 20 gr geroin moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Foto: DXX

Xorazm, Toshkent va Andijonda ham holatlar qayd etildi

Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi 1962-yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs 36 tup kannabis o‘simligini yetishtirib kelgani aniqlandi.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida esa 1973-yilda tug‘ilgan, avval giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan fuqaro o‘z hovlisida issiqxona tashkil etib, unda 22 tup kannabis o‘simligini parvarishlayotgani ma’lum bo‘ldi.

Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi 1965-yilda tug‘ilgan shaxs ham o‘z tomorqasida 10 tup kannabis o‘simligini parvarishlab kelgani aniqlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Afg‘onistondan dron orqali O‘zbekistonga opiy olib kirishga urinish bartaraf etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek