O‘zbekiston Gruziya portlari orqali eksportni kengaytiradi

3–4-iyul kunlari Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Gruziyada transport infratuzilmasi faoliyati bilan tanishdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Gruziya portlari orqali eksportni kengaytirish imkoniyatlari o‘rganildi.
Asosiy e’tibor O‘zbekistonning eksport-import operatsiyalarini Gruziya yo‘nalishi orqali kengaytirish masalalariga qaratildi. Anakliyada O‘zbekiston tomonining Gruziyadagi eng yirik chuqur dengiz porti qurilishi loyihasida ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Qurilish yakunlangach, port turli kemalarni qabul qila oladigan yirik transport bo‘g‘iniga aylanishi kutilmoqda.

Potida O‘zbekiston eksport-import yuklari uchun ombor va terminal infratuzilmasini joylashtirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Batumi porti esa Qora dengiz yo‘nalishida yuk tashuvlarini rivojlantirish uchun muhim imkoniyat sifatida ko‘rib chiqildi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston kompaniyalari ishtirokida konsorsium tashkil etish hamda hamkorlik bitimlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Gruziya poytaxtida Alisher Navoiy haykali ochilgani haqida yozgan edi.